Unashtirilgan yigit va qizdan pul talab qilgan ikki katta leytenant ishdan bo‘shatildi

  • 18:37 / 04.06.2021
  • 377

Joriy yil 8-aprel kuni Qashqadaryo viloyat Koson tumanidagi “Do‘stlik” mahallasi hududida fuqaro Gʻ.A unashtirilgan qizi O.H bilan Cobalt avtomobilida o‘zaro suhbatlashib o‘tirganda katta leytenant I.Fayzullayev hamkasbi F.Astanov bilan birga uning avtomashinasini asossiz jarima maydoniga olib kirib qo‘ygan.

Bundan tashqari O.H. ni yengil tabiatli ayol sifatida ro‘yxatga olishlarini bildirib, dastlab tuman tibbiyot birlashmasidan tan jarohati bor yoki yo‘qligi haqida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, so‘ng viloyat IIBga olib borishgan.

Viloyat IIB mas’ul xodimlarning tekshiruvi davomida I.Fayzullayev va F.Astanovlar fuqarolar Gʻ.A. va O.H. larni 4 soat davomida ushlab turgan va yigitdan 4 mln. 900 ming so‘m miqdorda pul olib kelishini talab qilib, uning yonida bo‘lgan “Samsung” rusumli qo‘l telefoni hamda 200 ming so‘m pullarini olib qo‘ygan. Shundan so‘ng yigitga avtomashinasini jarima maydonchasidan olib chiqishga ruxsat berganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tekshiruvi o‘tkazilib, Fayzullayev va Astanovlar IIO safidan bo‘shatilgan va ularning harakatiga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Koson tuman prokuraturasiga yuborilgan.