“US Open”: Medvedev Jokovichni mag‘lub etib, o‘zining dastlabki yirik sovriniga ega chiqdi

  • 12:24 / 13.09.2021
  • 105

Tennis boʻyicha Amerika ochiq chempionatida erkaklar va ayollar oʻrtasida gʻoliblar nomi aniq boʻldi.

Amerika ochiq chempionati — “US Open”da erkaklar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida final uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Novak Jokovich va Daniil Medvedev kortga chiqdi.

Bellashuvda rossiyalik tennischi Medvedev uchala setda ham bir xil — 6:4 hisobida gʻalabaga erishgan holda, “katta dubulgʻa” turnirlaridagi ilk sovriniga ega chiqdi.

Qayd etish mumkin, ushbu magʻlubiyat mavsum davomida “Australian Open”, “Rolan Garros” va Uimbldon turnirlarida gʻalabaga erishgan serbiyalik Novak Jokovichni tarixiy rekordni takrorlash imkoniyatidan mahrum qildi.

Dunyoning birinchi raketkasi mazkur Amerika ochiq chempionatini ham qoʻlga kiritgan taqdirda, afsonaviy tennischi Rod Leverning 1962 va 1969-yillarda oʻrnatgan bir mavsumda “katta dubulgʻa” doirasidagi toʻrtala titulni ham qoʻlga kiritganlik rekordini takrorlashi mumkin edi.

Shu tariqa “US Open” gʻolibi Medvedev 2,5 AQSh dollar, ikkinchi oʻrin sohibi esa 1 250 000 AQSh dollari miqdorida sovrin jamgʻarmasiga ega boʻldi.

Oʻz navbatida, ayollar oʻrtasidagi yakkalik bahslari final uchrashuvida ham sensatsion natija qayd etildi. Unda britaniyalik Emma Radukanu US Open gʻolibasi boʻldi. U hal qiluvchi bahsda kanadalik Leyla Fernandes ustidan 6:4, 6:3 hisobida zafar quchdi. Uchrashuv 1 soat 51 daqiqa davom etdi.

1 soat 51 daqiqa davom etgan uchrashuvda Radukanu ikki marta eys amalga oshirdi va ikkita qoʻsh xatoga yoʻl qoʻydi. Fernandes esa ikkita eys va besh marta qoʻsh xato qildi.

Shu tariqa 18 yoshli Emma Radukanu faoliyatidagi birinchi chempionlik unvonini qoʻlga kiritdi. Ushbu gʻalabadan soʻng, u 2,5 million dollar mukofot pulini qoʻlga kiritadi. Leyla Fernandes esa, 1 250 000 AQSh dollari miqdorida mukofot oladi.