Uyqusida pul topishni eplagan o‘zbek biznesmeni (video)

  • 18:10 / 09.06.2021
  • 225

Xabardor.uz tahririyati eduaction.uz, khanacademy.uzbek, cambridge.uz hamda exams.uz kabi qator loyihalar asoschisi, tajribali moliyachi, buxgalter va biznesmen Umidjon Ishmuhammedov bilan suhbat uyushtirdi.

Muxbir: Umidjon aka, suhbatimizni dasturimizning an’anaviy savolidan boshlaymiz, Umidjon aka Ishmuhammedov o‘zi kim?
– 1984-yil Toshkent shahrida tug‘ilganman. Maktabni bitirgach, Toshkent Moliya institutini, so‘ngra AQShdagi Georgia State University'ni tamomlaganman. Faoliyatimni AQShdagi “PricyewaterhouseCoopers” auditorlik kompaniyasida boshlaganman. Dunyodagi nufuzli “CPA” moliyaviy buxgalteriya sohasi bo‘yicha mutaxassislik sertifikatini ham qo‘lga kiritganman. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 15 ta biznes loyihalarimiz bor va yaqinda “Cambridge International University”ning litsenziyasiga ega bo‘ldik va joriy yilning sentyabr oyida bakalavr yo‘nalishiga o‘qishga qabulni rejalashtirganmiz.

Muxbir: Instagram'dagi Khan Academy Uzbek loyihangizda “Bepul onlayn ta’lim barcha uchun: har joyda va hamisha!” shiori olg‘a surilgan. Siz bu loyihadan biror foyda ko‘rasizmi?
– Hozirgi kunda aksariyat yoshlarimiz oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qiziqadi. Men tadbirkor sifatida “uxlab yotib ham savob qilish mumkin” deb niyat qilganman. Va shu loyihani hammaga birdek manfaatli bo‘lishiga harakat qilganman. 

Muxbir: Bugungi kun aksariyat yoshlari IELTS baholash tizimiga test topshirishga qiziqayotganliklari sir emas. Asl maqsad nima? Xorijda o‘qish, immigratsiya yoki amaliyot o‘tash?.. 
– Bizdagi statistikaga bo‘yicha asosan xorijda o‘qish uchun IELTS tizimidan test topshirishga harakat qilishadi. Qolgan qismi esa O‘zbekistondagi chet el universitetlariga kirish uchun bu tizimdan foydalanishadi. Immigratsiya bo‘yicha esa juda kam. Amaliyot o‘tash bo‘yicha ham qiziquvchilar soni ortib bormoqda.

Muxbir: Siz hozirgacha to‘plagan tajribalaringizga tayangan holda, O‘zbekistondagi qaysi sohalarga mablag‘ tikishni optimal deb bilasiz?
– Eng to‘g‘ri sarflangan mablag‘ – bu o‘zingizga tikilgan investitsiya. Ya’ni ilm olishga tikilgan investitsiya.
Muxbir: “Agar ishiga yarasha maosh bermasang, sen berayotgan maoshga yarasha ishlaydi”, deyishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
–  Haqiqat. Hozirgi yoshlarimizni doimiy o‘zgarmas oylik bilan ta’minlash davomli bo‘la olmaydi.

Olimjon Hasanov suhbatlashdi