Avvalroq, Andijonda avtobus va yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Kecha, 26-noyabr kuni soat 08:40 atrofida Andijon viloyati hududidan o‘tgan A 373 avtomobil yo‘lining 388-389 kilometrlari oralig‘ida yo‘l transport hodisasini sodir etgan haydovchi, 1993-yilda tug‘ilgan J.A. “Isuzu” rusumli avtobusda bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lda harakatlanayotib, quyuq tuman tushgani va ko‘rinish masofasi cheklangani uchun 1985-yilda tug‘ilgan haydovchi A.A. boshqaruvidagi “Howo” rusumli yuk avtomobili bilan to‘qnashgan.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga molik A373 “M39 – Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon-O‘sh” avtomobil yo‘lining 388-389 kilometrlari oralig‘ida qayta ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli joriy yilning 18 noyabr kunidan buyon yo‘lning bir tomonida 1100 metr masofada ta’mirlash ishlari “Rezina Optima Standart” MCHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi 117-sonli Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabr kunidagi 342-sonli qarorining 1-ilovasi 13, 14, 15, 16, 18-bandlariga zid ravishda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari bilan kelishilmasdan olib borilayotgani sababli transport vositalarining harakati qarama-qarshi tomonidan tashkil etilgan.
Yuqoridagi qaror talablari “Rezina Optima Standart” MCHJ tomonidan bajarilmagani sababli mudhish YTH sodir bo‘lgan.
Hodisa natijasida avtobusning 3 nafar yo‘lovchisi vafot etgan, jami 31 nafar fuqaro jumladan yuk avtomobili haydovchisi ham turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat qodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Barcha haydovchilardan belgilangan qoidalarga amal qilishlarini so‘raymiz”, – deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!