“Yuksalish” UMH dunyo bo‘yicha elektr energiyasi tizimidagi yirik uzilishlar infografikasini taqdim qildi.
25-yanvar kuni O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning alohida viloyatlarida Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida yirik avariya yuz berishi natijasida bir necha soat mobaynida elektr taʼminotida uzilish holati kuzatildi.
“Yuksalish” UMH bergan maʼlumotga ko‘ra, hodisa uch mamlakatning 40 milliondan ziyod aholisiga taʼsir ko‘rsatdi.
Biroq yuz bergan halokat masshtabi bo‘yicha dunyo elektr energiyasi tarixida eng yirigi emas. Bunday Blackout‘lar yoki uzilishlar, odatiy holdagidek, avariya yoki tabiiy ofatlar natijasida avval ham sodir bo‘lgan.
Masalan, 2003-yil 14-avgust kuni AQShda mamlakat tarixida elektr taʼminotidagi yirik halokat yuz berdi. Uni “Buyuk blekaut–2003” deb nomlashgan. O‘shanda AQSh hamda Kanadaning shimoliy-sharqiy qismidagi katta shaharlari elektr energiyasidan uzilgan. Umumiy hisobda 263 ta elektr stansiyalari, shu jumladan AQSh va Kanadadagi 10 ta AESda uzilish kuzatilgan. Natijada 55 million aholi chiroqsiz qolgan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, zarar miqdori kamida 6 milliard dollarni tashkil etgan.
1977-yilda Nyu-York aholisi “qo‘rquv kechasi”ni boshdan o‘tkazdi, shaharda ommaviy o‘g‘irliklar va yong‘inlar yuz berdi. Yaʼni 13 iyul kuni soat 21:00 atrofida chaqmoq urishi oqibatida ikkita asosiy elektr tarmog‘i ishdan chiqdi va shahar elektr energiyasiz qoldi. Nyu-York ko‘chalari o‘g‘ri-talonchilarga to‘lib ketdi. “Qo‘rqinchli kecha” oqibatida yuzlab insonlar jarohatlandi, 3,7 mingdan ortiq kishi hibsga olindi, 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilindi va 300 million dollarga yaqin zarar yetkazildi.
2012-yil iyul oyida dunyodagi eng yirik elektr taʼminotidagi uzilishlardan biri yuz berdi. 2012-yilning 30–31-iyul kunlari Hindistonning 20 ta shtatidagi 650 millionga yaqin aholi qariyb 8 soat davomida zimistonda qoldi. Kasalxonalar va maktablar elektr taʼminotisiz qoldi, 500 dan ortiq poyezdlar harakati to‘xtatildi. Mamlakatdagi energiya inqirozi shimoliy to‘rtta – Rajastxan, Haryana, Panjob va Uttar-Pradesh shtatlarining elektr energiya isteʼmoli meʼyoridan oshib ketganidan keyin boshlandi.
Bir yil oldin, yaʼni 2021-yil 9-yanvar kuni elektr energiyasidagi yirik uzilish Pokistonda sodir bo‘ldi. Bu barcha yirik shaharlar, jumladan, poytaxt Islomobodga ham taʼsir ko‘rsatdi. Uzilishga mamlakatdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri “Guddu”da yuz bergan avariya sabab bo‘ldi, natijada Pokistondagi boshqa elektr stansiyalar ham ishlashdan to‘xtadi. Deyarli 20 soat davomida 200 millionga yaqin aholi chiroqsiz qoldi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!