Bir muddat oldin Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyi bo‘g‘in mulozimlarini joylardagi ahvoldan bexabarligi, ular jamoat trasportida yurmasligi haqida “Shaharni birortasi tushunmaydi. Shahar ichida yurmaydi. Hammasi boyvachcha, mashinalarda...” degan gaplari yangradi. O‘zbekistonda kichik bir lavozimi bo‘lgan mulozim ham jamoat transportida yurishga or qiladi, degan tushuncha esa el ongiga singib qolgan. Baʼzida esa xizmat avtomobillarida, qolgan yo‘l harakati ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirib, o‘zlari erkin harakatlanishlari uchun boshqalarning harakatlarini cheklab qo‘ymaganiga ham rahmat deyishadi...
Bir qator mamlakatlarda esa ko‘zga ko‘ringan xabarlar odatdagi kuni jamoat transportidan boshlanadi.
Bugun biz tilga oladigan davlat miqyosidagi mulozimlar, yirik kompaniya va shirkat rahbarlarining yagona jihati ularning jamoat transportidan muntazam foydalanishidir. Ularning siyosiy faoliyati, ishdagi yutuqlari, kamchiliklari, feʼl-atvori – o‘z yo‘liga. Muhimi, ularning har biri masʼul vazifani egallagan, egallayotgan ekan, qimmatbaho, jillaqursa, o‘rtaroq xizmat yoki shaxsiy avtomobilli bo‘lishga haqli.
Internetdan Buyuk Britaniya bosh Vaziri Boris Jonson suratlarini qidiruvga bersangiz, uning avtobusda, metroda suratga tushganlari, aniqrog‘i, tushirishgani kam emasligiga amin bo‘lasiz. Jonson bosh vazirlikkacha ham qator ko‘zga ko‘ringan vazifalarda bo‘lgan.
Uning har kuni jamoat transportida ishga qatnashi haqiqat. Jonson kortej, qo‘riqlash xizmati, maxsus avtomobillar uchun Britaniya xalqidan pul olmaydi.
Qizig‘i, Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler ham oddiy odamlar orasida avtobusda yurgan. Hech kimdan qo‘rqmagan. Doimo undan nimanidir so‘rash yoki shunchaki salom-alik qilish mumkin bo‘lgan.
theguardian.com sayti taqdim etgan fotogalereyadan Britaniyada jamoat transportida yuradigan siyosat arboblari kam emasligini bilish mumkin.
Jeremi Korbin Buyuk Britaniya parlamenti aʼzosi Londonda tungi soatlarda avtobusda. Kun og‘ir kechgan chog‘i, u horg‘in ko‘rinadi.
Ken Livington, Londonning sobiq meri, Britaniya siyosiy arbobi
Nik Klegg, sobiq lord, Kengash raisi
Ed Milibend, Britaniya sobiq energetika va iqlim o‘zgarishi vaziri har gal avtobusdan tushib, yo‘li qulay kechganidan mamnun qiyofada ko‘rinadi.
Devid Kemeron ham birlashgan qirollikdagi sobiq bosh Vazirlardan biri. U xotirjam, Yeylingdan Vestminstergacha bo‘lgan yo‘nalishdagi poyezdda ketmoqda.
Rossiyada esa esa 22 sentyabr butundunyo avtomobillarsiz kuni bahonasida o‘nlab rahbarlik lavozimidagi kishilar odatdagi kunlarida ham muntazam jamoat transportidan foydalanishi maʼlum bo‘lgan.
Masalan, Transport departamenti rahbari maslahatchisi Aleksey Mityayev Moskvada avtomibilsiz ham bemalol yashash mumkinligini taʼkidlaydi.
– Men 3 yildirki, shaxsiy avtomobilim yo‘q. Samokat, avtobus va karsheringdan foydalanaman, – deydi u.
Aksiyada ishtirok etgan transport kompleksi xodimlari “Xalqaro avtomobilsiz kuni”da ekologiya masalasiga eʼtibor qaratish bilan birga o‘z sohalarini chuqurroq o‘rganishga ham imkon paydo bo‘lishini taʼkidlaganlar. “Moskva-Tver shaharlararo yo‘lovchi tashish kompaniyasi” bosh direktori birinchi o‘rinbosari Andrey Filatov ishga har kuni metroda borishini aytadi. Garchi u ham xizmat mashinasidan foydalanish imkoniga ega.
– Ishga vaqtida kelishimga 100 foiz ishonaman va tirbandlikda vaqtimni yo‘qotmayman. Bundan tashqari, jamoat transportida muntazam qatnashgina yo‘lovchilarga nima kerak va ularni qaysi yo‘sinda rivojlantirish yo‘llarini o‘rgatadi, – deydi u.
Sharq mamlakatlarida ham shunday, piyoda yuradigan, jamoat transportidan foydalanadigan mulozimlar bormi? Internet maʼlumotlaridan topganimiz faqat Eronnning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadi Najot bo‘ldi. U 80 millionlik aholisi bo‘lgan mamlakatni boshqargan sakkiz yil davomida ham, bugungi oliy taʼlim dargohida saboq berayotgan kunlarda ham avtobusda ko‘p qatori chiptaga pul to‘lab qatnagan, qatnaydi.
Balki qaysidir Sharq mamlakatida jamoat transportidan foydalanib kelgan rahbarlar yana bordir. Lekin Markaziy Osiyo davlatlarida emas. Mirziyoyev aytganidan keyin O‘zbekistonda transport muammolarini o‘rganish uchun bo‘lsa ham sohaning bir-ikki “katta”lari avtobus yoki metroda ko‘rinish bersa ajab emas.
Mustahkam Tangriyorova, jurnalist.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!