Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.
Qayd etish mumkin, so‘nggi paytlarda ushbu soha vakillarini haqoratlash, faoliyatiga to‘sqinlik qilish va hatto ularga qo‘l ko‘tarish bilan bog‘liq noxush holatlar tez-tez kuzatilmoqda.
Deputatning ta’kidlashicha, bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida ayni paytda parlament quyi palatasida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamalardan o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham mas’uliyati oshadi, zo‘ravonliklarga barham berish mumkin.
“Shu bilan birga, ko‘chada «Tez yordam» mashinasiga yo‘l bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini ko‘paytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga ta’rif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanishi zarur.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yor bilan to‘ldirilishi ham turli huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi”, – deydi Qizilgul Qosimova.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!