“Sidney Jakson fenomeni” hujjatli filmining taqdimoti oʻtkazildi.
Kuni kecha Toshkentdagi “Cinema Palace” kino saroyining kichik zalida (sobiq “Panorama” kinoteatri) oʻzbek boks maktabining asoschisi Sidney Jakson xotirasiga bagʻishlangan hujjatli filmning premyerasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, “Milliy PR-markaz” DUK hamkorligida tashkil etildi.
Hujjatli film premyerasida Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston boks federatsiyasi vakillari, Sidney Jaksonning qizi Paina Jakson va uning yaqinlari, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji trener-pedagoglari, oʻzbek boksi faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov kirish nutqi soʻzladi. Shundan soʻng, AQShning Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Daniel Rozenblyum ham ishtirokchilarga videomurojaat shaklida qutlov yoʻlladi. Shuningdek, Sidney Jaksonning qizi Paina Jakson xonim ham iliq xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.
Qayd etish mumkin, “Sidney Jakson fenomeni” hujjatli filmi “Shayxontohur-film” kinostudiyasi tomonidan “Orient Finans bank” va “Golden House”ning mualliflik huquqini taqdim etishi asosida Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda tasvirga olindi. Filmning ssenariy muallifi va prodyuseri Boris Babayev, rejissyor – Navruza Biynazova.
Hujjatli filmda afsonaviy murabbiyning Oʻzbekistondagi hayot yoʻli va faoliyatining koʻplab muhim sahifalari haqida uning qizi, hozir Toshkentda istiqomat qiluvchi Paina Jakson soʻzlab bergan.
Shuningdek, filmda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisi maslahatchisi Malik Boboyev, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov, Sidney Jakson shogirdlari – boks afsonasi Rufat Risqiyev, boks faxriylari Mirsolih Sagatov, Rinat Yusupov va boshqalar ishtirok etishgan.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xodimining maʼlum qilishicha, mazkur filmni xorijiy tillarga oʻgirgan holda chet-elga ham targʻibot qilish rejalashtirgan.
“Turizm va sport vazirligi bir guruh ijodkorlar bilan hamkorlikda Oʻzbek boksini tizimli targʻib etish maqsadida hujjatli filmlar turkumini yaratishdi va bunda birinchi boʻlib Sidney Jekson siymosiga toʻxtalish qaroriga kelindi.
Biz kelajakda bunday turkum filmlarni Oʻzbek boksining boshqa qahramonlari bilan yaratish ustida ish olib boryapmiz”, — deydi Otabek Eshmamatov.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!