Finlandiya Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining mamlakatga kirishining oldini olish maqsadida o‘z chegarasini ruslar uchun butunlay yopadi. Ushbu qaror juma kuni kechqurun kuchga kiradi. Bu haqda mamlakatning eng yirik gazetasi “Helsingin Sanomat” hukumatdagi manbalariga tayanib xabar berdi.
“Joriy yilning 29-sentabr kuni hukumat Rossiya fuqarolarining Finlandiya orqali boshqa Shengen mamlakatlariga tranzitini, shuningdek, Finlandiyaga sayyohlik sayohatlarini sezilarli darajada cheklaydigan fundamental qaror qabul qiladi, bu haqda keyinroq e’lon qilinadigan farmonda batafsil tavsiflanadi”, - deyiladi xabarda.
Sentyabr oyi boshida Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik sayyohlarning chegarani kesib o‘tishiga cheklovlar joriy etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Shunday qilib, Rossiya fuqarolariga faqat do‘stlari va qarindoshlarini ziyorat qilish maqsadida mamlakatga kirishga ruxsat beriladi va Shengen vizalari, shu jumladan boshqa mamlakatlarda olingan vizalar bo‘yicha tranzit taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12 sentyabr kuni YeI va Rossiya uchun viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 19-sentabrdan beri Finlandiya Yevropa Ittifoqining quruqlikdagi chegarasi ruslar uchun ochiq bo‘lgan yagona chegaradosh davlat bo‘lib qolmoqda. Finlandiya hukumati rahbari Sanna Marin Finlandiya rossiyalik sayyohlarning o‘z hududi orqali boshqa davlatlarga tranzitini to‘xtatishi kerakligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat rejalashtirilgan cheklovlarning huquqiy jihatlari ustida ishlamoqda.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko Rossiya Finlandiyaning rossiyaliklarning Shengen vizasi bo‘yicha sayyohlik maqsadida kirishini taqiqlash qaroriga javob choralarini ishlab chiqishda o‘z manfaatlaridan kelib chiqishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bunga javoban qanday qadamlar qo‘yishi mumkinligini tanlashda katta erkinlikka ega, ammo hozircha Moskvada bunday rejalar yo‘q.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!