Hammada omadsiz kunlar boʻlib turadi. Asosiysi – tushkun kayfiyatga berilmaslik va chalgʻiy olish. Shunday damlarda sizga yordam berishi mumkin boʻlgan usullar haqida bilib olish foydadan holi boʻlmaydi.
1. Tetiklashtiruvchi pley-list
Sizga zavq bagʻishlovchi treklardan iborat pley-list tuzing. Hech qanday melanxoliya boʻlmasin: maʼyus musiqa busiz ham kayfiyati yoʻq insonning dilini xira qiladi.
2. Jismoniy faollik
Ruhiy va jismoniy sogʻliq oʻrtasidagi bogʻliqlikni yodda tuting. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi psixoterapiya sxemasiga jismoniy mashqlarni qoʻshishni tavsiya qiladi. Shunday ekan, raqsga tushing, sakrang, yengil mashq qiling: endorfinlarni ishlab chiqarish uchun har qanday jismoniy faollik turi toʻgʻri keladi.
3. Doʻstga qoʻngʻiroq
Hoynahoy doʻstlaringiz bilan messenjerlar orqali xabarlashib tursangiz kerak — oʻsha yerga yozing: qoʻllab-quvvatlovchi soʻzlar, hazillar va ajoyib stikerlar vaziyatni toʻgʻrilaydi. Eng yaxshisi — yaqinlaringizga qoʻngʻiroq qilib, ular bilan uchrashish. Yoqimli ijtimoiy munosabatlar bizga yanada zavq bagʻishlaydi.
4. Kulish uchun sabab
Doʻstlaringiz tezkor amaliy yordam koʻrsata olishmasa, kulgi istab Telegramʼga murojaat qiling. Butun internet memlari kanali – LaQequeʼni varaqlang yoxud turli latifa kanallariga aʼzo boʻling.
5. Oddiy maqsadlar
Yomon kayfiyat va apatiya kuch-quvvat va ishdagi samaradorlikdan mahrum qiladi. Oʻzingizdan jahlingiz chiqmasin: agar kuningiz oddiy oʻtsa, oʻnta murakkab ish oʻrniga uch oddiy ishni rejalashtiring. Kichik boʻlsa-da, maqsadga erishish oʻzingizdan qoniqish hosil qilish hissini qaytaradi.
6. Yaxshi film
Katta ekranda yangi filmlarni koʻrishga shoshiling yoki uyda maroqli kino kechasini oʻtkazing: romantik komediyalar insoniyat va ezgulikka boʻlgan ishonchni qaytaradi.
7. Kichik istaklar
Istaklarning amalga oshishi doim zavq bagʻishlaydi. Hozir orziqib kutilgan sayohatga bora olmasangiz, biroz kichikroq koʻlamdagi, lekin yoqimli ishga qoʻl urishingiz mumkin boʻlsa kerak. Oʻylab koʻring, bu nima boʻlishi mumkin. Mazali taom, yoqimli hordiq, kutilmagan xaridlar — bunday mayda “tashvish”lar ham albatta natija beradi.
8. Real hayotga qaytish
Meditatsiya stress darajasini pasaytiradi va hissiyotlarni boshqaradi. Kun yorishgunga qadar lotos pozasida oʻtirish shart emas, ogʻir oʻy-xayollar va his-tuygʻulardan chalgʻishga yordam beruvchi oddiy mashqlarning oʻzi yetarli.
Masalan, derazadan tashqariga qarab, nimalarni koʻrayotganingizni tasvirlang. Baholovchi izohlarsiz, faqat dalillar. Nechta mashina, odamlar va uylar? Ularning rangi, oʻlchamlari va shakli qanday? Qizil obyektlar qancha-yu sarigʻi qancha?
9. Dam olish vaqti
Yomon kayfiyat koʻpincha stress va charchoq natijasidir. Agar bu sizning holatingiz boʻlsa, oʻzingizga dam olishga imkon bering. Telefon va ishlarni bir chetga suring-da, jurnal varaqlang, sayr qiling yoki shunchaki mizgʻib oling. Qisqa taym-aut bilan osmon uzilib, yerga tushmaydi, lekin kuch-quvvatni qayta tiklash va kayfiyatni koʻtarish uchun ayni muddao.
10. Oʻzimga rahmat
Hozir kuz boʻlgani uchun hech bir ishga qoʻl bormayotgan boʻlsa-da, barchasi siz oʻylagandek yomon emasligini eslatib turuvchi oddiy mashq. Oʻzingizga oʻzingiz rahmat aytishingiz mumkin boʻlgan 10 satrdan iborat roʻyxat tuzing. Mazali va toʻyimli nonushta qildingizmi? Juda yaxshi! Foydali maqola oʻqidingizmi? Ajoyib! Shu tariqa oʻn sabab topishingiz kerak.
Yodingizda boʻlsin, uzoq davom etuvchi yomon kayfiyat depressiya belgisi boʻlishi mumkin. Agar oʻzingizni boshqarishni uddasidan chiqa olmayotgan boʻlsangiz, bu psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qilish uchun sababdir.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!