Amerikalik bir guruh sarmoyadorlar aktrisa Kim Kardashyan, bokschi Floyd Meyvezer kichik va basketbolchi Pol Pirsni sudga berishdi. Ular koʻpchilikka yaxshi tanish boʻlmagan “EthereumMax” deb ataluvchi kriptovalyutani targʻib qilish bilan bogʻliq firibgarlikda ayblanmoqda.
Daʼvo xati Los-Anjeles federal sudiga taqdim etilgan. Unda “EthereumMax” kompaniyasi va uning taniqli promouterlarini tokenning narxini sunʼiy ravishda, “yolgʻon va fikrni chalgʻituvchi bayonotlar” bilan oshirishda ayblashmoqda.
Kim Kardashyan kriptovalyutani oʻtgan yili oʻzining Istagram'dagi sahifasida reklama qilgan. Buning uchun taniqli yulduz kompaniyadan qancha pul olgani maʼlum emas, ammo ekspertlar uning sahifasidagi bitta reklama posti narxi 500 ming dollardan 1 million dollargacha ekanligini aytishadi.
Reklamaga taniqli yulduzlarning jalb etilishi koʻplab sarmoyadorlarni yangi kriptovalyutaga pul tikishga undagan va ular oxir-oqibatda katta daromad yoʻqotishgan. Daʼvogarlar tokenlarni oʻtgan yilning may va iyun oylarida sotib olishgan, oradan koʻp oʻtmay valyutaning qiymati keskin tushib ketgan.
Oʻsha vaqtdan beri “EthereumMax” oʻz qiymatining 97 foizini yoʻqotgan. Endilikda sarmoyadorlar kompaniyadan zararni qoplab berishni talab qilishmoqda.
Daʼvo xatida kriptovalyutaning nomi “Ethereum” – dunyodagi eng mashhur kriptovalyutalardan birining nomiga oʻxshash ekani, bu ham odamlarni chalgʻitishi taʼkidlangan.
Kim Kardashyanning oʻzi ayblovlarga hech qanday munosabat bildirmagan. Ammo, uning koʻrsatma berish uchun sudga chaqirilgani aniqlangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!