Rassom Kazemir Malevichning ismini eshitishingiz bilan koʻz oldingizga “Qora kvadrat” kelishi aniq, shunday emasmi? Malevich tomonidan chizilgan asarlarning bunchalar mashhur boʻlib ketishi sababi nimada?
Kazemir Malevich 1878-yilning 23-fevral kuni Kiyev shahrida tugʻilgan. U oʻzining ijodiy faoliyati davomida turli shakllarni rang-barang koʻrinishlarda tasvirlagan. Aksariyat odamlar rassom tomonidan chizilgan suratlarga qarab, hech narsani tushunmaganlarini aytishadi. Malevich bu haqidagi savollarga ochiq javob bergan: oʻzining aytishicha, u shunchaki yangilik yaratmoqchi boʻlgan. Darhaqiqat, rassom buning uddasidan chiqqan.
Malevich yangi yoʻnalish oʻylab topgan. Tasviriy sanʼatdagi mazkur yoʻnalishga “suprematizm” deb nom berilgan. U “supremus” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “Eng baland” degan maʼnoni beradi. Avvaliga Malevich ushbu atamani ranglarga, mashhurlikka erishganidan keyin esa oʻz uslubiga nisbatan qoʻllay boshlagan. Shu tariqa rassom oʻylab topgan usul “suprematizm” deya atala boshlagan.
Suprematist rassomlar oʻz asarlarini turli geometrik shakllar, koʻp hollarda kvadrat, toʻgʻri toʻrtburchak, aylana va chiziqlar yordamida yaratishadi. Ularning aksariyatida qora, oq, qizil va sariq ranglardan foydalaniladi.
Malevich tasviriy sanʼatni qanday tushungan? Bunga bitta iqtibos bilan javob berish mumkin: “Suratlarda tabiat burchaklari, Madonna va behayo Veneralar tasvirini koʻrish odati yoʻqolganida, sof tasviriy sanʼatni payqay olamiz”.
Yangi atama
Kazemir Malevich tasviriy sanʼatga “buyumsizlik” atamasini ham olib kirgan. Agar suratda buyumsizlik aks etib turgan boʻlsa, u haqiqiy tasviriy sanʼat asari hisoblanadi. Rasmda allaqanday buyumni koʻrayotgan boʻlsangiz, ushbu buyum dunyoda allaqachon mavjud. Agar u mavjud boʻlsa, demak rassom hech qanday yangilik yaratmagan, shunchaki mavjud boʻlgan narsani chizib qoʻygan. Bunday asarni yaratishdan maʼno nima? Malevichning falsafasi mana shunday boʻlgan.
Kazemir Malevich oʻzining “Qora kvadrat” asaridan keyin uning qizil va oq rangdagi namunalarini ham chizgan. Ammo, ushbu asarlar nima uchundir “Qora kvadrat”dek mashhur boʻlib ketmagan.
Malevichning asarlaridagi asosiy maʼno – shu kungacha hech qachon mavjud boʻlmagan va katta ehtimol bilan hech qachon mavjud boʻlmaydigan narsalarni tasvirlashdan iborat edi. Aynan mana shu narsa odamlarga yoqib tushgan. Ular asarni muhokama qilish, uning maʼnosini izlab topishdan zavq olishgan. Shu tariqa Malevich mashhur rassomlar safidan oʻrin olgan. Ammo, uning barcha asarlari ham “suprematizm” uslubida chizilmagan.
Oʻzgacha yoʻnalishlar
Suprematist-rassom boshqa uslublarda ijod qilishni ham sinovdan oʻtkazgan. U odamlarning harakatlarini geometrik shakllar yordamida ifodalashga uringan. Ushbu yoʻnalishdagi eng mashhur asar “Daraxt kesuvchi” deb nomlanadi.
Rassom tomonidan chizilgan boshqa asarlar bilan tanishing:
– Malevich tabiatan hazilkash inson boʻlgan. U ayrim asarlariga “Suratning maʼnosi muallifga ham maʼlum emas” deb imzo qoʻygan.
– Kazemir Malevich nafaqat rassom, balki dizayner va yozuvchi ham boʻlgan. U sheʼrlar, maqolalar, falsafiy kitoblar yozgan.
– Rassom butun umri davomida faqatgina bir marta chet elga chiqqan. Ammo, uning asarlari butun Yevropada mashhurlikka erishgan. Bugungi kunda Malevich asarlarining aksariyati Yevropa va Amerika muzeylarida saqlanadi.
– Yaqindagina dasturchilar “Malevich shrifti”ni oʻylab topishdi. Ushbu shriftni tushunish qiyin boʻlgani bilan bir qarashda juda qiziqarli koʻrinadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!