Bugun Hindistonning Maxarashtra shtati Puna shahrida O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XIII Jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Uch kun davom etgan katta kurash bayramida dunyoning 60 ga yaqin davlatidan 300 nafardan ziyod polvonlar jami 15 ta vazn toifasida jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari ma’lum bo‘ldi.
Hayajonli va murosasiz bahlarga boy bo‘lgan dunyo birinchiligining so‘nggi kuni ayollar o‘rtasida -48, -52 kg, erkaklarda esa -100 va +100 kg vaznlarda bellashuvlar tashkil etildi.
Umumjamoa hisobidagi g‘oliblik uchun kurash so‘nggi soniyalarga qadar davom etdi. Bugungi kun dasturi oldidan Eron bizdan bitta oltin ko‘p jamg‘argan edi.
Shunga qaramay, kurashchilarimiz o‘z mahoratlarini namoyish etib, yakunda asosiy raqib hisoblangan eronliklarni bitta oltin medalga ortda qoldirib ketishdi.
O‘zbekiston vakillari 7 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etishdi.
Ikkinchi o‘rin Eron terma jamoasiga nasib etdi: 6 ta oltin, 4 ta kumush, 4 ta bronza. Kuchli uchlikka Janubiy Koreya terma jamoasi 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakun yasab berdi.
Jami 11 ta mamlakat terma jamoalarining Punadan vatanlariga jahon chempionati medallari bilan qaytayotgani kurashimizning dunyoda yanada ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!