Ma’lum qilinishicha, bugun, 10-fevral kuni ertalab Liviya poytaxti Tripolida noma’lum shaxslar mamlakat bosh vaziri Abdulhamid Dibaybaning mashinasini o‘qqa tutgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxslar qochib ketgan. Shuningdek, Dibaybaga va haydovchisiga hech qanday zarar yetmagan. Liviya bosh vaziriga oldindan rejalashtirilgan suiqasd qilingani aytilmoqda. Hujumga uchragan paytda bosh vazir uyiga qaytayotgan bo‘lgan.
Ushbu hodisa parlamentda bosh vazirni qaytadan saylash masalasi ko‘rib chiqilishidan bir necha soat oldin yuz bergan. O‘qlardan biri bosh vazir mashinasining old oynasiga tekkan. Hujumchilar Kalashnikov avtomatidan foydalangani taxmin qilinmoqda.
Ayni damda Liviya Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan surishtiruv boshlagan.
Aytish joizki, Abdulhamid Dibaybaning vakolati o‘tgan yilning dekabrida – mamlakatda saylov o‘tkazilishi bilan tugashi kerak edi. Ammo saylov noma’lum muddatga qoldirildi va Dibayba hali ham lavozimda qolmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!