Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan sportchi bilan bog‘liq voqealar silsilasi haqiqiy detektiv kinolarni eslatadi.
Voqeaning boshlanishi Buxoroga bog‘lanadi. Bo‘yi noodatiy - 1 metr 95 sm. bo‘lgan sakkizinchi sinf o‘quvchisi basketbol to‘garagiga kelgan. Yigitcha bilan mashg‘ulot o‘tkazgan mahalliy murabbiy Igor Burnashev u haqda shunday eslaydi:
"Haqiqiy basketbol fanati edi. Mashg‘ulotlardan so‘ng ham sport zalida qolardi, to‘p kiritishni mashq qilardi. Maktabni o‘zimizda, Buxoroda tugatdi, o‘ninchi sinfda sport ustasi unvoniga ega bo‘lgandi. Hatto mamlakatning kattalar terma jamoasiga nomzod sifatida ko‘rilayotgan edi”
Uning ismi Arsen edi. Millati tatar. Ota-onasi Anvar Ilyasov va Iraliya Ilyasovalar ham Buxoroda yashashardi. Ular Sovet Ittifoqi repressiyasi davrida bu yerga kelib qolganlar. Arsen esa haqiqatan ham o‘zbek basketboli ma’lumotlar bazasida bor edi. O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar ro‘yxatida turardi. 2002-yilgacha, albatta.
Arsenning “yo‘qolib qolishi” yilida Turkiyaning jahon chempioni bo‘lib kelgan kuchli basketbol jamoasi birdaniga oqsab qolgan edi. O‘shanda jamoa hatto chorak finalgacha ham yetib kelolmadi. Ana shu natijalar e’lon qilinganidan ikki hafta o‘tgach, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyaga turnirga uchdi. Tarkibda, tabiiyki, Ilyasov ham bor edi. Turnirdan keyin kutilmaganda Arsen yo‘qolib qoldi. Uni rosa izlashdi, topilmadi...
2002-yilning aynan sportchi yo‘qolgan - sentyabr oyida Turkiyalik Semsetin Bulut degan bir odam 15 yoshga kirgan o‘g‘liga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi olishni “unutib qo‘ygani” borasida mas’ul idoraga murojaat etgan. Uning “o‘g‘li” hamyurtimiz, o‘sha Arsen Ilyasov edi. Lekin turk hujjatida “Ersan Ilyasova” bo‘lib, asl yoshi kichraytirib qayd etildi.
2003-yilda Kunyada bo‘lib o‘tgan basketbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Turkiya chempionatidan so‘ng Ilyasovaning yoshi va kelib chiqishi borasida bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Munozarada O‘zbekiston tomonidan 1984-yilda Buxoroda tug‘ilgan Arsen Ilyasov 2002-yil 7 avgust kuni (18 yoshida) Turkiyaga borib, so‘ng daraksiz yo‘qolgani aytiladi.
Turkiya tarafidan, turkiyalik Semsetin Bulut o‘g‘lining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani yo‘qotgani bois, bolaning 15 yoshida (2002-yil 19 sentyabrida) qayta guvohnoma olganligi va yigitcha ism sharifi Ersan Ilyasova ekanligi haqidagi vaj keltiriladi.
Basketbol federatsiyasi turkiyalik o‘yinchi Ilyasova aslida o‘zbekistonlik Ilyasov ekanligi da’vosi bilan FIBAga rasman bayonot kiritdi. Ammo Xalqaro basketbol federatsiyasi Turkiya foydasiga qaror chiqardi.
Shundan keyin Ersanning karyerasi yuqorilab boraverdi. 2005-yilda u Milliy Basketbol Assotsatsiya vakili “Miluoki Baks” klubida 36-raqam bilan o‘ynay boshladi. Avvaliga jahonning yetakchi ligasida o‘zini topishi qiyin kechdi. Bir nechta jamoalarda ijarada o‘ynadi, so‘ng Yevropaga qaytib, “Barselona” sharafini himoya qila boshladi. 2005-yildagi “Miluoki”ni hisobga olmaganda u MBAning ko‘plab klublarida muvaffaqiyatli o‘ynadi.
Basketbolchi «Detroyt Pistons», «Orlando», «Oklaxomu-Siti», «Filadelfiyu», «Atlanta» saflarida ham o‘ynadi. O‘tgan mavsumda esa uning «Yuta Jaz» jamoasi pley-off boqichining 1/4 finaligacha yetib keldi.
Ersan Ilyasova o‘zining intervyularida bolaligi, ota-onasi haqida gapirmaydi (ota-onasi hozirda Qrimda yashaydi). U anchadan buyon AQShda yashaydi va belorusiyalik qizga uylangan, ikki nafar farzandi bor.
Orif Bahriyev tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!