Arxeologlar Misrda qadimgi podshollik davriga oid ilgari noma’lum bo‘lgan qabrlarni topdilar. Qayd etilishicha, ulardan birida qadimiy mumiyo mavjud bo‘lgan.
Qadimgi “Djoser” piramidasi joylashgan Sakkara nekropoli (qabriston) hududida qazishmalar olib borilmoqda. Mumiyo va ohaktosh sarkofag 15 metr chuqurlikdagi dafn shaxtasining tubiga qo‘yilgan. Uning yuqori qismidagi yozuvlarga qaraganda, bu odam zodagonlar oilasiga mansub bo‘lib, uni Gekashepes nomi bilan chaqirishgan. U bundan 4300 yil avval yashab, vafot etgan. Shuningdek, bino atrofidan tosh idishlar topilgan.
Arxeologik missiya rahbari Zaxi Xovasning “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, bu ayni paytda Misrda topilgan eng qadimgi va eng “to‘liq” holda saqlanib qolgan mumiyo.
Ta’kidlanishicha, Gekashepes qazishmalar paytida topilgan yagona odam bo‘lmagan, undan tashqari bu yerda Qadimgi Misrning V va VI sulolalariga tegishli bir nechta qabrlar ham mavjud bo‘lgan.
Eng muhim qabr yuqori martabali amaldor Xnumjedefga tegishli. U zodagonlarning noziri va V sulolaning oxirgi shohi ruhoniysi, deb ham atalgan. Bu qabr kundalik hayotda yuz bergan voqealar tasviri bilan bezatilgan.
Ikkinchi eng katta qabr, aftidan, sirlarni saqlovchi va “saroyning buyuk rahbari” yordamchisi bo‘lgan Maryamga tegishli bo‘lgan. Bundan tashqari yog‘och va toshdan yasalgan ko‘plab o‘yilgan haykallar ham topilgan.
Sakkara nekropolidagi Djoser piramidasi dunyodagi eng katta dafn majmualaridan biri hisoblanadi. U 10 kilometrdan ortiq maydonni egallaydi va bundan 4700 yil oldin qurilgan. Ushbu hududda olib borilgan qazishmalarda allaqachon mumiyolangan sherlar va hatto 2600 yillik “Xalloumi” pishlog‘i topilgan. Arxeologlarning fikriga ko‘ra, qum devorlari ko‘plab qadimiy sirlarni o‘zida yashirgan.
Mumiyo – suyuqlik surtish orqali saqlanib qolgan jasad. U maxsus kimyoviy ishlov berishdan o‘tgan tana (nafaqat odam, balki boshqa har qanday tirik mavjudot), buning natijasida to‘qimalarning parchalanish jarayoni to‘xtaydi yoki sekinlashadi. Sun’iy va tabiiy mumiyolangan jismlarni farqlash kerak.
Birinchi marta “mumiyo” so‘zi Yevropa tillarida (Vizantiya, yunon va lotin tillarida) 1000 ga yaqin paydo bo‘lgan. Bu forscha “mum” so‘zidan kelib chiqqan. O‘rta asrlardagi arab va yahudiy tabiblari mumiyo so‘zini maxsus dori vositasini belgilash uchun ishlatishgan. VII asrda arab shifokori ibn Betar Apolloniya mamlakatidan keltiriladigan mumiyo moddasi haqida yozib qolirgan. U yerda “nurli tog‘lar”dan suv oqimlari bilan pastga tushadi. Sohilda u qattiqlashadi va smola hidini oladi. Shuningdek, u “mumiyo” moddasini qadimgi misrlik o‘liklarning bosh suyagi va oshqozonidan ham olish mumkinligini aytadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!