Bugun Milliy matbuot markazida Kurash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro turnirlar sarhisobi hamda oldinda turgan musobaqalar xususida mutasaddilar va turli OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda, Prezidentning tegishli qarori ijrosini taʼminlash, kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish maqsadida kurash musobaqalarini Oʻzbekistondan tashqarida oʻtkazish boʻyicha ishlab chiqilgan tizim boʻyicha bugungacha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Unga koʻra, 7-9 may kunlari Germaniyaning Frankfurt-Maye shahri mezbonlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan xalqaro turnirda Yevropa qitʼasining 24 davlatidan erkaklar va ayollar mutlaq vazn toifasida ishtirok etishgan.
28–29-may kunlari esa Bolgariyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtgan kurash boʻyicha xalqaro turnirda 20 ga yaqin davlatlardan saralangan sportchilar ishtirok etib, erkaklar 73, 90, +90 kg vazn toifasida, qizlar esa 63, +63 vaznda oʻzaro bellashishgan.
Bundan tashqari, 26-iyun kuni Turkiya davlatining Istanbul shahridagi “Turkish Word Cultural Quarter” madaniyat markazi mezbonlik qilgan katta kurash bayramiga mezbonlik 16 davlatdan eng sara alplar tashrif buyurishgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Yevropaning turli davlatlarida oʻtayotgan xalqaro turnirlar keyingi manzili Fransiya boʻlgan.
Parijdagi Eyfel minorasi poyida joylashgan “Yemil Yentoine” sport markazi 24-iyul kuni dunyoning 30 yaqin davlatidan tashrif buyuradigan kurash polvonlarini oʻzida jamlagan.
Mavzuga doir: Kurash: Parijda Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir oʻtkazildi (foto)
Qayd etilishicha, oʻtkazilgan mazkur xalqaro turnirlar qator chet-el OAVlarida keng yoritib borilgan.
Jumladan, Germaniyaning “Berliner Telegraph” gazetasi materiallarni rus tilida nashr etib, 33 ming nusxadan ortiq tirajda qogʻoz formatda va doimiy foydalanuvchilari 50 mingga yaqin boʻlgan veb-saytida yoritib borgan.
Shu bilan birga, bu boradagi materiallar Germaniyaning “rusverlag.de” informatsion veb-saytida ijtimoiy tarmoqlar va informatsion veb-saytlarda “Frankfurtdagi Xalqaro sport musobaqasi – Kurash” (Internationals Sportereignis in Frankfurt – Kurash) rukni ostida Oʻzbek milliy kurash sportiga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qilingan.
Fransiyada esa “La Gazette” va “Smartrezo” nashrlarida, dunyoning yetakchi telekanali “Euronews”da (10 ta tilda) 160 ta davlatga efirga uzatilib, “Euronews” saytida kurashga bagʻishlangan maqola chop etilgan.
Shu bilan birga, milliy sportimiz Yevropa mamlakatlarida “Kurash- olijanob sport”, “Oʻzbek kurashi – kurashlarning otasidir” kabi eʼtiroflarga sazovor boʻlgan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi Kurash milliy sport turini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Kamol Usmonovning taʼkidlashicha, Germaniyada oʻtkazilgan turnir natijasida oʻsha yerda Kurash klublarini ochish, kurashchilarni koʻpaytirish, Oʻzbekiston bilan hamkorlikda mamlakatga mutaxassislarni jalb qilish koʻzda tutilgan boʻlsa, Bolgariyadagi oʻtkazilgan musobaqadan soʻng, har yili 29-mayda Kurash boʻyicha turnir oʻtkazishni anʼanaga aylantirildi.
Istanbulda boʻlib oʻtgan turnirda esa, Kurashni Islom birdamligi oʻyinlari dasturiga qoʻshish keng muhokamaga qoʻyildi va har yili Istanbulda kurash boʻyicha xalqaro turnir oʻtkazish belgilab oʻtilgan.
“2023-yil Polshada III “Yevropa oʻyinlari” boʻlib oʻtadi. Ushbu nufuzli musobaqa dasturiga Kurashni koʻrgazmali chiqish sifatida qoʻshish sifatida musobaqa tashkil qoʻmitasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda”, – dedi Kamol Usmonov.
Oʻz navbatida, 2022-yilning sentyabr–oktyabr oylarida AQSh, Polsha, Misr kabi mamlakatlarda ham Kurash boʻyicha xalqaro turnirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!