Toshkent shahrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining birinchi uchrashuvi o‘z ishini boshladi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov ochib berdi.
“O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sheriklik muloqotining boshlangani tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yutuqlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanidan dalolatdir”, – deya ta’kidladi Kamilov o‘z nutqida.
AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblum ham mazkur uchrashuv haqida to‘xtalib, mazkur uchrashuv turli masalalarni sifat jihatidan yangi darajada muhokama qilishga zamin bo‘lganini ta’kidladi.
– Bu O‘zbekiston va AQSh orasidagi tarixiy strategik sheriklik dialogi yoki muloqotining birinchi uchrashuvidir. Biz bu yerda turli xil masalalarni sifat jihatidan yangi darajada muhokama qilishni boshladik. Jumladan, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik jihatlari, xususan, xavfsizlik, iqtisodiy masalalar va ikki mamalakat o‘rtasidagi savdo-sotiq hamda investisiyalar ko‘lamini oshirishga qaratilgan bir qancha rejalarimizni muhokama qilmoqdamiz. Bundan tashqari AQSh O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatishi, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan boshlangan islohotlarga AQSh tomonidan qanday ko‘mak ko‘rsatish yo‘llarini ham muhokama qilmoqdamiz, – dedi AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblum.
Shuningdek, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu o‘z navbatida Abdulaziz Kamilovni AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining inaugurasiyasi bilan tabriklab, bu AQSh va O‘zbekiston uchun tarixiy voqea ekanligini qayd etdi.
– Ta’kidlash joizki, oxirgi 30 yilda bizning aloqalarimiz ham dinamika va ham samara jihatidan rivojlanishning yuqori bosqichiga ko‘tarilmoqda, – dedi Donald Lu.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!