2021-yil 26-30-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Madrid shahrida (Ispaniya) boʻlib oʻtayotgan Parlamentlararo ittifoqning 143-Assambleyasi ishida ishtirok etmoqda.
“Demokratiya uchun zamonaviy tahdidlar: tafovutlarni yengib oʻtish va hamjamiyatlarni barpo etish” mavzusidagi Assambleyada Parlament Assambleyasiga aʼzo 123 ta parlament, 20 ta kuzatuvchi davlat va 8 ta xalqaro tashkilotdan 1,5 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
Qay etilishicha, tadbirni Ispaniya qiroli Filip VI ochib berdi va parlamentlarni demokratiyaning muhim markaziy instituti deb hisoblashini taʼkidladi.
BMT Bosh Assambleyasi Raisi A.Shahid va Bosh kotibi A.Guterrish ham parlament diplomatiyasining ustuvor roli, shuningdek, BMT bitimlarini amalga oshirishda vakillik organlari faoliyati muhimligini taʼkidladi.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva nutq soʻzlab, bugungi kunda Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda xalq farovonligini oshirish, aholining huquqlari va himoyasini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar hamda demokratik oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan.
Bu jarayonda gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlangan.
Parlament yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva oʻz nutqida Parlamentlararo ittifoqiga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalarini 2022-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan Parlamentlar ayol rahbarlarining navbatdagi sammitiga taklif qildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!