Superliga 1-davrasi yakuniga yetgach, “Paxtakor”klubida yangiliklar paydo boʻldi.
Klub rasmiy sayti xabariga koʻra, yarim yillik faoliyatidan keyin jamoa ustozi Slavche Voyneski isteʼfoga chiqarilgan. Yangi murabbiy esa tez orada eʼlon qilinishi maʼlum qilingan.
“Shimoliy makedoniyalik mutaxassis bilan “Paxtakor”oʻrtasidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilindi. Klub va murabbiy oʻrtasidagi bitim ikki tomon kelishuviga koʻra bekor qilinishiga kelishib olindi. Yangi bosh murabbiy nomi tez kunlarda maʼlum qilinadi. Biz Voyneskiga jamoamizdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, uning keyingi ishlariga omad tilaymiz!”, — deyiladi klub xabarida.
“Paxtakor” Voyneski murabbiyligi qoʻl ostida yangi mavsumda OCHLda guruhdan keyingi bosqichga chiqa olmadi. Superligada esa 12 oʻyindan keyin 23 ochko bilan 3-oʻrinda bormoqda.
Shuningdek, mavsum oldidan jamoa safiga qoʻshilgan bolgariyalik himoyachi Kamen Xadjiyev ham “sherlar” safini tark etgan.
“Klub va futbolchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, himoyachi jamoamiz safini tark etadigan boʻldi. Biz Xadjiyevning jamoamizdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, uning keyingi ishlariga omad tilab qolamiz”, — deyiladi xabarda.
Oʻz navbatida, jamoaning yosh yetakchilaridan biri Hojimat Erkinov esa oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jamoa bilan xayrlashgan.
“Hammaga Assalomu alaykum! Bugun men “Paxtakor” jamoasi bilan xayrlashaman. Men uchun bu jamoa eng kuchli va eng sevimli jamoa boʻlib qolmoqda. Men 10 yoshimdan beri “Paxtakor”daman va shu vaqt ichida shuni aytishim kerakki, koʻpchilik oʻz kuchini, mehnatini sarmoya qildi va men ulardan cheksiz minnatdorman! Barcha muxlislarga, murabbiylar va hamkorlarga, barcha jamoa aʼzolariga rahmat!”, — deb yozgan Erkinov Instagramdagi sahifasida.
Avvalroq, Hojimat Erkinov Moskvaning “Torpedo” klubiga oʻtishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. 21 yoshli futbolchi tez orada legionerga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!