“UzAuto Motors” AJ Matbuot xizmati joriy yil 15-fevraldagi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqning bajarilishi yuzasidan hisobot berdi. Davlat rahbari, xususan, joriy yilning 1-mayiga qadar avtomobil sotib olishda yuzaga kelgan navbatlar bilan bog‘liq muammolarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Kompaniyaning bildirishicha, 2022-yil boshida xaridorlardan 89,3 mingdan ortiq avtomobil qarzdor bo‘lishga sabab 2021-yilda pandemiya va global mikrochiplar tanqisligi bo‘lgan.
O‘z navbatida, kompaniya “bozorni kerakli miqdordagi avtomobillar bilan to‘ldirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirib, ayni vaqtda har kuni konveyrlardan 1 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarilmoqda”.
Davlat rahbarining topshirig‘i ortidan mart-aprel oylarida ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha 4200 dona avtomobil ishlab chiqarish uchun havo yo‘llari orqali 656 tonna butlovchi qismlar olib kelingan. Bu uchun charter reyslari tashkil etilgan.
Yuk tashish muammolari hukumat darajasida hal qilingan. Jumladan, Koreya Respublikasidan butlovchi qismlarni yetkazib berish vaqti 45 kundan 38 kunga, Xitoydan yuklarni temir yo‘ldan avtomobilga o‘tkazish esa tranzitni 55 kundan 20 kunga qisqartirdi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida mikrochiplar yetkazib berish hajmi 14 mingdan 20 mingga oshirildi.
Natijada Lacetti avtomobilining kunlik ishlab chiqarish hajmi 28 foizga hamda Cobalt avtomobilining kunlik ishlab chiqarish hajmi 22,5 foizga oshirildi.
Bundan tashqari, quritish pechini kengaytirish va kuzovning pastki himoya qatlamini qayta ishlash jarayonini yaxshilash orqali bo‘yoqlash sexining takomillashtirilishi natijasida, ishlab chiqarishni 15 foizga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Natijada Asaka zavodida Lacetti, Cobalt va Spark avtomobillarini ishlab chiqarish oyiga 19 200, Xorazm zavodida esa Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarish 9 000 donaga yetkazildi.
Bundan tashqari, kompaniya yetkazib berish muddatini qisqartirish uchun joriy yilning may oyidan boshlab yangi komplektatsiyadagi Cobalt avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
“Pandemiyaga qadar bo‘lgan ishlab chiqarishga erishish bugungi kunga kelib, yil boshida shartnoma tuzilgan avtomobillar umumiy sonining 92 foizini (82 300 tadan ortiq avtomobil) isteʼmolchilarga shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan bir necha oy oldin topshirish imkonini berdi. Ishlab chiqarilgan 2 700 dan ortiq avtomobil isteʼmolchilarga yetkazib berish jarayonida, qolgan 4 300 donasi esa ishlab chiqarish jarayonida, bu topshiriqni 30 aprelga qadar bajarilishini taʼminlaydi. Umuman olganda, 2022-yil boshidan hozirgi kunga qadar egalariga 104 000 dan ortiq avtomobil (shu jumladan premium segment) topshirildi, bu avtomobil zavodining umumiy ishlab chiqarish hajmining 1/3 qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi”, – deyiladi kompaniya maʼlumotida.
Qayd etilishicha, ayni paytda kompaniya oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida yopish va “zaxira” tashkil etish arafasida. Hozirda dilerlik markazlarida 2000 ga yaqin avtomobillar, shu jumladan, 1000 dan ortiq Nexia avtomobillari mavjud.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!