Necha marta biror ishda omadga erishganingiz va mashhur bo‘lib ketganingiz haqida orzular qilgansiz? Necha marta barchasini dushanbadan boshlashni yoki ertadan dieta qilishga o‘tishni reja qilgansiz? O‘zingizga shu kungacha bergan va'dalaringizning necha foizini amalga oshirdingiz? Rejalaringizni amalga oshirishingizga nima xalaqit beryapti: dangasalik, intizomsizlik yoki vaqt yetishmasligimi? Ushbu savolning javobi faqat o‘zingizda. Biz esa, quyida qanday qilib rejangiz bo‘yicha ish ko‘rish va ishlaringizni yarmidan tashlab ketmasligingiz mumkinligini o‘rgatamiz.
1. Rejangizni qanday qilib amalga oshirishni o‘ylang
Orzungiz qanchalar go‘zal bo‘lmasin unga erishish uchun aniq rejangiz bo‘lishi kerak. Buning uchun esa, quyidagilarni bajaring:
1) O‘zingizning ijobiy va salbiy tomonlaringizni tahlil qiling. Ushbu rejani amalga oshirish sizga nimalar beradi va nimalarni yo‘qotasiz?
2) Maqsadga erishishga qaratilgan faoliyatning o‘zi sizga va yaqinlaringizga salbiy ta'sir ko‘rsatish-ko‘rsatmaslik masalasini o‘ylab ko‘ring.
3) Yomon qalam yaxshi xotiradan afzalroq, shuning uchun hamma narsani qog‘ozga yozib oling. Ikkita ustunni chizing, bir tomonga, o‘zgarishlardan oldingi, ikkinchi tomonga, rejangizni amalga oshirganingizdan keyingi hayotni yozing. Ikkinchi ustun yaxshiroqmi? Unda jasorat bilan ishga kirishing.
4) Eng muhimi muddat belgilang. Bu sizga intizom bilan ishlash va maqsadingizga tezroq erishishingizda yordam beradi.
2. His-tuyg‘ularingizni oziqlantiring
Rejalaringizni amalga oshirishga bo‘lgan ishtiyoq so‘nib qolmasligi uchun nima qilish kerak? Tuyg‘ular - ishlashdan to‘xtab qolmaslik va maqsad sari intilishga harakatni sekinlatmaslikning eng yaxshi usuli. Masalan, biror loyihani muvaffaqiyatli tugatsangiz lavozimingiz oshishini taklif qilishdi deylik. Ish yakuniga yetay deganida motivatsiyangiz so‘nib boryapti. Bu holatda, lavozimingiz va shu bilan birga oylik maoshingiz oshishi, hamda ushbu pullarga sayohat qilayotganingiz, dam olishingiz va istagan narsangizni sotib olayotganingizni tasavvur qiling. Tuyg‘ularni oziqlantirish o‘zingizga berishingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi motivatsiyalardan biri. Faqat ehtiyot bo‘ling, tuyg‘ularni oziqlantirish quruq xom-xayolga aylanib qolmasin.
3. Yordam olishdan voz kechmang
Albatta barchasini bir o‘zingiz bajara olishingizga ko‘zingiz yetar, ammo boshqalar yordamini rad etgan holda, o‘zingizni dam olishlardan cheklashingiz tez yengilishingizga olib keladi. Oilangiz va do‘stlaringiz qo‘llab-quvvatlashridan voz kechmang. Axir yaxshi tilaklarga o‘ralgan maslahatlarning sizga ziyoni tegmaydi. Shuningdek, qiziqishlaringizga mos guruhlarda bo‘lishingiz, rejalaringiz o‘xshash bo‘lgan insonlar bilan suhbat sizga qo‘shimcha ishtiyoq bag‘ishlaydi. Maqsadlaringizga erishish bo‘yicha maslahatlar berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan ustozingiz bo‘lsa, yanada yaxshi.
4. To‘siqlarni aniqlang va ularni yengib o‘tish yo‘llarini izlang
Oldingizga qo‘ygan maqsadingiz yoki rejalaringizga erishish yo‘lida bir qancha muammo yoki to‘siqlar paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli ham avvaldan, qanday to‘siqlarga duch kelishingiz mumknligini tahlil qiling. O‘zingiz yechimini topishda qiynalgan savollar bo‘yicha maslahatlari siz uchun kerakli bo‘lgan insonlar yoki mutaxassislar bilan maslahatlashing.
5. Kerakli ko‘nikmalarni o‘zlashtiring
Har bir faoliyat o‘ziga yarasha ko‘nikmalarni talab qiladi. Masalan, kichik bir qandolatxona ochmoqchi bo‘lsangiz, mutaxassisligingizdan qat'iy nazar ish faoliyatingizni osonroq yo‘lga qo‘yish uchun qandolatchilikni ham o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Xuddi shu kabi, qay ishga qo‘l urmang, sifatli natijaga erishish uchun avvalo o‘sha sohaga oid ko‘nikmalarga ega bo‘ling.
6. Mukofot haqida unutmang
Qattiq mehnat qildingiz, shunday ekan nima uchun biroz tanaffus qilib, harakatlaringiz uchun o‘zingizni rag‘batlantirmas ekansiz? Masalan, bir oy bosh ko‘tarmasdan ishladingiz deylik, anchadan buyon o‘zingiz orzu qilib yurgan kostyumni o‘zingizga sovg‘a qiling. Balki u arzon bo‘lmasligi mumkin, lekin siz bunga loyiqsiz. Bunday mukofotlar sizni yanada ishtiyoq bilan ishlashga undaydi va aslida nima uchun bunchalar mehnat qilayotganingizni eslatib turadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!