Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi o‘zbek-qirg‘iz chegarasida 5-may kuni O‘zbekiston chegarachilar 3 nafar Qirg‘iziston fuqarosini otgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyat xususida rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 5-may kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasining Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh noma’lum shaxslar tomonidan O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tilayotganligi o‘zbek chegara naryadlari tomonidan kuzatilgan va ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.
Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan. Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lganlar. Oqibatda 3 nafar shaxslar yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan.
Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5-may kuni zudlik bilan O‘zbekiston va Qirg‘izistonning hudud bo‘yicha chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, 6-may kuni Farg‘ona vodiysi yo‘nalishi bo‘yicha va Qirg‘izistonning Jalol-obod viloyati bo‘yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan O‘zbekistonning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 6-may kuni Jinoyat kodeksining 223 moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!