Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari va unga hamroh bo‘lgan tartibsizliklarda 225 kishi, jumladan tinch aholi va xavfsizlik kuchlari halok bo‘ldi, deya izoh bildirdi Bosh prokuratura vakili Serik Shalabayev va Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Asel Artakshinova.
Ularning ta’kidlashicha, halok bo‘lganlarning 19 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlaridir. Shuningdek, namoyishlarda 4578 kishi jarohatlangan, 863 kishi statsionar davolanishga muhtoj. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda 265 kishi shifoxonalarda davolanmoqda, 67 nafarining ahvoli og‘ir, deb xabar berdi Tengrinews portali respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda namoyish ishtirokchilarining umumiy soni 20 mingdan ortiqni tashkil etgan.
Xabarda keltirilishicha, hozirda 546 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 672 nafar gumonlanuvchi izolyatorlarga joylashtirilgan.
Bosh prokuratura, shuningdek, namoyishlar chog‘ida Olmaotadagi tibbiyot muassasalariga, jumladan, beshta shifoxona va 14 dorixonaga 20 ta hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan.
Xususan, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, uchta shahar kasalxonasi uch kun davomida qamal holatida bo‘lgan. Ular shifokorlar smenasiz ishlagani, kasalxonalarga oziq-ovqat yetkazilmagani qayd etilgan. Ayni vaqtda Olmaotadagi barcha tibbiyot muassasalari normal rejimda ishlamoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!