Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyani G20 dan chiqarib tashlash kerak, deb hisoblaydi. U Moskvaning “don kelishuvi”dagi ishtirokini to‘xtatish haqidagi qaroriga shunday munosabat bildirgan.
“Endi bizga qattiq xalqaro reaksiya kerak: ham BMT darajasida, ham boshqa darajalarda, xususan, G20 darajasida”, — deydi Zelenskiy videomurojaatida.
Uning fikricha, Rossiya Federatsiyasining qarori bir necha qit’alarda ochlik bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Ukraina prezidenti Rossiyaning G20 a’zoligini “bema’nilik” deb hisoblaydi.
“Rossiyaga G20da joy yo‘q”, - deya qo‘shimcha qildi Volodimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29-oktabr kuni Rossiya “don bitimi” to‘xtatilganini e’lon qildi. Ushbu qaror Qora dengiz floti kemalari va “don yoʻlagi” xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etgan fuqarolik kemalariga hujum uyushtirilgani bilan izohlangan. Qora dengiz don tashabbusi Ukraina donini eksport qilish uchun Odessa portlarini ochishni va Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘itlarni yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatgan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutgan.
Ma’lumot uchun, G20 eng yirik rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni birlashtirgan norasmiy tashkilotdir. U Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika, Yaponiyani o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!