Namanganlik fuqaro E.M. (ayol) Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilishni rejalashtirgani aniqlanib, qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 1977-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan fuqaro E.M. 2019–2021-yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib, “Sodiq Samarqandiy”ning madrasalarida taʼlim oladi.
Oqibatda u ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar gʻoyalari taʼsiriga tushib, Suriyaga borish va u yerdagi jangarilardan biriga turmushga chiqishni rejalashtiradi.
Shu maqsadda, fuqaro E.M. 2021-yilning mart oyida Turkiyadan doimiy yashash manziliga qaytib kelib, 3 nafar farzandini oʻzi bilan birga olib, Qirgʻiziston–Turkiya–Suriya yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida chegara hududida toʻxtatilgan hamda doimiy yashash manziliga qaytarilgan.
Olib borilgan tushuntirish ishlariga qaramay, fuqaro E.M. oʻzining Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilish maqsadidan voz kechmagan hamda u yerdagi hamfikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishmalarni davom ettirib kelgan.
Shuningdek, u internet tarmogʻida bir qator guruhlar tashkil qilib, guruh aʼzolari orasida aqidaparastlik va ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgan hamda Suriyadagi jangarilarga moddiy yordam berishga targʻib qilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro E.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Fuqaro E.M. oʻzining balogʻat yoshidagi qizi E.X.ni shu yilning mart oyida Turkiyaga joʻnatib, u yerdagi ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari rahnamolarining qoʻliga taʼlim olishi uchun topshirgan.
“Hurmatli fuqarolar, ogoh boʻling. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki xorijiy davlatlarda dinni oʻrgatish bahonasida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlariga zimdan koʻmaklashayotgan shaxslarning qoʻliga oʻz yaqinlaringizni topshirib qoʻymang”, deyiladi vazirlik xabarida.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!