Toshkentda oʻtgan ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionati davomida jami 13 ta turli yosh toifalaridagi jahon rekordi qayd etildi. Bu haqda MOQ xabar berdi.
Qayd etilishicha, ulardan 4 tati ayollar bellashuvida kuzatildi. Nigeriyalik Joy Eze -71 kg vazn toifasida ikki martadan siltab koʻtarish mashqi va ikki kurash boʻyicha oʻsmirlar jahon rekordini yangiladi. Demak, endi 130 kg siltab koʻtarish, 230 kg ikki kurash boʻyicha oʻsmir qizlar toifasida jahon rekordi sifatida qayd etiladi.
Bolgariyalik yosh iqtidor egasi Karlos Nasar (-81 kg) erkaklar oʻrtasidagi 4 ta rekordga mualliflik qildi. 17 yoshli polvon dast koʻtarishda 166 kg natija koʻrsatib, yangi rekord qayd etdi. Sportchining siltab koʻtarishdagi koʻrsatkichi esa 208 kgni tashkil qildi.
Boisi ushbu koʻrsatkich ham oʻsmirlar, ham yoshlar, ham kattalar oʻrtasidagi yangi jahon rekordi sifatida rasmiylashtirildi. Shuningdek, siltab koʻtarishdagi ikki ketma-ket muvaffaqiyatli urinishlari bilan u ikki kurashda ikki bor oʻsmirlar rekordini oʻrnatdi (371 va 374 kg).
Kattalar oʻrtasidagi yana bir jahon rekordi -96 kg vazn toifasida kolumbiyalik Lesman Paradesga tegishli boʻldi. Atlet dast koʻtarish mashqida 187 kg bilan oʻz nomini qaydnomalarga alohida yozdirib qoʻydi.
Shuningdek, eng fantastik rekordlar +109 kg toifasida kuzatildi. Unda gruziyalik Lasha Talaxadze barcha dasturlarda oʻz rekordini yangilab, dunyoning eng kuchli pahlavoni kim ekanini koʻrsatdi.
Lashaning natijalari dast koʻtarishda 225 kg, siltab koʻtarishda 267 kg va ikki kurash boʻyicha 492 kg ga teng boʻldi. Keltirilishicha, ushbu vazndagi bellashuvlar davomida eronlik 18 yashar yulduz Alirizo Yusufi 237 kg natija bilan siltab koʻtarishda yoshlar oʻrtasidagi rekordni qayd etdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!