Bugun, 7-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Nur-Sulton shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etishning borishi, ikki davlat rahbarlari tomonidan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini muhokama qildilar.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, jumladan, uning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi konstruktiv muloqotni chuqurlashtirish, Tashkilotning joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Sammitiga tayyorgarlikning borishi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Bundan tashqari, vazirlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlariga alohida e’tibor qaratdilar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!