Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Barselonada 1 mart kuni boshlangan Mobile World Congress 2015 ko‘rgazmasida anchadan beri kutilayotgan va anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘zining yangi flagman smartfoni – Samsung Galaxy S6 smartfonini namoyish qildi. Ko‘rgazmada, shuningdek, bu smartfonning egilgan displeyli Galaxy S6 Edge versiyasi ham ommaga ko‘rsatildi.
Samsung Galaxy S6 modeli avvalgi smartfonlarga xos bo‘lgan umumiy uslubiyatni saqlab qolgan. Shu bilan birgalikda, Galaxy S6 smartfonining tashqi ko‘rinishi nozik va hashamatli ko‘rinish olgan va eng asosiysi, bu smartfon zamonaviy va yuqori unumdorlikka ega detallar bilan jihozlangan.
Smartfon ko‘rsatish qobiliyati 2560×1440 nuqtaga ega bo‘lgan, Gorilla Glass 4 himoyalovchi oynasi bilan qoplangan 5,1-dyuymli Super AMOLED displeyi bilan jihozlangan. Smartfon ichiga ARM big.LITTLE arxitekturasida qurilgan hamda takt chastotasi 2,1 GGs bo‘lgan to‘rtta Cortex-A57 yadrosi va takt chastotasi 1,5 GGs bo‘lgan to‘rtta Cortex-A53 yadrosiga ega bo‘lgan 64-bitli Exynos 7420 chipi o‘rnatilgan. Smartfonning grafik qismiga Mali-T760 tezlashtirgichi javob beradi. Smartfonning 3 Gb tezkor xotira bilan jihozlangani uni bugungi kunda Android-telefonlar ichida eng quvvatlisi bo‘lishini ta'minlaydi.
Axborotni saqlash uchun ichki o‘rnatilgan, UFS 2.0 tipidagi 32/64/128 Gbayt xotira ko‘zda tutilgan. Smartfon fotosuratlarni olish uchun f/1,9 li diafragmali va tasvirni optik barqarorlashtiruvchi qurilma bilan jihozlangan 16-Megapikselli kamera hamda videoaloqa uchun 5 Megapikselli oldingi kamera bilan jihozlangan.
Galaxy S6 va Galaxy S6 Edge smartfonlari tez quvvatlanish (elektr manbaiga 10 daqiqaga ulab qo‘yish smartfonning 4 soat ishlashiga imkon beradi) hamda, mos ravishda, 2550 mA•s va 2600 mA•s li akkumulyatorlarni simsiz quvvatlash imkoni bilan ta'minlandi.
Bu ikkala smartfonning displeyi ko‘rinishlarining o‘ziga xosligi va shu sababli korpusdagi o‘lchamlar va og‘irlikda paydo bo‘lgan tavofutlarni chetga surib qo‘ysak, bu qurilmalar bir-biridan faqatgina batareyalarining sig‘imi bilan farqlanadi. Qolgan barcha holatlarda bu smartfonlar bir xil qurilmaviy va dasturiy imkoniyatlarga ega. Smartfonlar Android 5.0 Lollipop OT o‘rnatilgan holda chiqariladi.
Samsung Galaxy S6 Edge o‘zining yon tomonlarga egilgan displeyi bilan farqlanib turadi. Bu smartfonning avvalgi Samsung Note Edge dan farqi shundaki, displey kamroq egilgan hamda ikkala tomondan simmetrik tarzda bir xil ishlangan.
Smartfonlar, shuningdek, quyidagi texnik ko‘rsatkichlarga ega:
- ichki o‘rnatilgan NFC-chip;
- GPS va GLONASS imkoniyatini qo‘llab-quvvatlash;
- barmoq izlari skaneri;
- ichki o‘rnatilgan LTE Cat.6, Bluetooth 4.1, Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac modullari.
Galaxy S6 Edge smartfoni 143,4 x 70,5 x 6,8 mm o‘lchamlardagi korpus va 138 gramm og‘irlikka ega, Galaxy S6 esa 142,1 x 70,1 x 7,0 mm o‘lchamlardagi korpus va 132 gramm og‘irlikka ega.
Smartfon dunyo bo‘yicha 2015 yilning 10 aprelidan sotuvga chiqarilishi rejalashtirilmoqda, biroq ularning narxlari ma'lum qilinmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!