UzAuto Motors avtomobil bozoriga “shapkalar” qaytayotgani yuzasidan izoh berdi

  • 10:48 / 01.06.2021
  • 356

UzAuto Motors avtomobillarni sotib olishda navbatlar va “shapkalar” yuzaga kelayotgani bo‘yicha izoh berdi. 

Kompaniyaning aytishicha, mikrochiplarning global tanqisligi bois bir qator yirik avtomobilsozlik korxonalarida ishlab chiqarish to‘liq to‘xtatildi. Jumladan, “UzAuto Motors” tizimida ham ushbu muammo o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

“Yuzaga kelgan holatdan foydalanib, ba’zi bir vijdonsiz bo‘lgan subyektlar tomonidan spekulyativ vaziyatlar va noqonuniy harakatlar sodir etilmoqda hamda bunga qarshi "O‘zavtosanoat" AJ faol kurash olib bormoqda”, – deyiladi kompaniya izohida.

Qayd etilishicha, yuqoridagi global tanqislikka qaramay, “UzAuto Motors” AJ ushbu muammoning salbiy oqibatlarini minimallashtirishga muvaffaq bo‘lib, zavodlarning to‘liq to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymagan.

“Biroq, shu bilan birga aytish joizki, ko‘pchilik ishlab chiqarish hajmining keskin pasayishiga guvoh bo‘lmoqda va bu o‘z navbatida yangi transport vositalarini yetkazib berish muddatini uzayishiga sabab bo‘lmoqda”, – deyiladi “UzAuto Motors” AJ izohida.