UzAuto Motors avtosalonlarda yuzlab shartnoma tuzib qo‘yib, “navbat” sotayotganlarni insofga chaqirmoqda  

  • 09:18 / 31.07.2021
  • 270

UzAuto Motors avtosalonlarda “navbat” sotayotganlarga qarshi kompaniya tomonidan olib borilayotgan tadbirlar ayrim OAVda “xususiy mulkka tajovuz” deb qaralayotgani yuzasidan bayonotini e’lon qildi.

Avtokompaniyaning ma’lum qilishicha, ayni paytda jahon bozoridagi mikrochiplarning vaqtincha yetishmovchiligi hamda UzAuto Motors’da ishlab chiqarilishdagi kechikishlardan foydalanib, ba’zi bir fuqarolar ayrim avtosalon xodimlari bilan til biriktirgan holda, bir vaqtning o‘zida o‘nlab, hatto, yuzlab shartnomalar tuzishayotganligi ma’lum bo‘lgan. 

Bu orqali esa ular avtomobil sotib olish jarayonini tezlashtirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga pora evaziga “navbat" sotishmoqda. 

“Aynan mana shunday sharmandali vaziyatga qarshi kurashishda UzAuto Motors o‘z ma’lumotlar bazasini yo‘l harakati xavfsizlik xizmatining bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi. 
Kompaniya kimningdir tasavvurida fuqarolarning huquqlarini vijdonsiz ishbilarmon hamda firibgarlardan himoyalashga qaratilgan ushbu taklifini xususiy mulkka tajovuz deb atashlari mumkinligini kutmagan edi”, – deyiladi rasmiy bayonotda. 

Shuningdek, UzAuto Motors fuqarolarning nechta bo‘lishidan qat’iy nazar avtomobilga egalik qilish huquqiga e’tiroz bildirmasligini, biroq kompaniya vijdonli xaridorlarga UzAuto Motors mahsulotini o‘z vaqtida kelishini qiyinlashtirayotganlarga, shuningdek, 200 ta shartnoma tuzib, keyinchalik undagi “navbat”ni sotishga urinayotganlarga qarshi ekanligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtokompaniya salonlardagi "shapka"larga qarshi kurash e’lon qilgani haqida ma’lum qilingan edi.