UzAuto Motors’dan 2 mingdan ortiq “Nexia-3” kuzoviga yetadigan po‘lat listlar o‘g‘irlandi

  • 22:45 / 25.06.2021
  • 377

Joriy yilning 12-iyun kuni UzAuto Motors'ning Asaka shahridagi zavodiga yetkazilgan yukda po‘lat listlarning bir qismi yetishmayotganligi aniqlandi.

Rossiya Federatsiyasi “Северстали” kompaniyasining yuk vagonlari zavodga kirish paytida ko‘rikdan o‘tkazilganida, vagondagi yuklardan birining qadog‘i buzilganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan "UzAuto Motors" AJning komplayens xizmati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, vagonga ortilgan po‘lat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar, noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlanganligi aniqlandi.

Ma'lum qilinishicha, ishlab chiqarish standartlariga muvofiq, ushbu talon-toroj qilingan po‘lat listlar me’yor sarfiga muvofiq, 2 030 ta “Nexia-3” yoki 871 ta “Gentra” yoki 970 ta “Labo” avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan bo‘lar edi. 

Ushbu hodisa yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida to‘plangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash uchun hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qo‘riqlanishiga mas’ul bo‘lgan IIVning transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganligiga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasiga yuborildi.

"Bugungi kunda avtomobil sanoatida kuzatilayotgan global inqiroz bilan bog‘liq hozirgi vaziyatda, "UzAuto Motors" ishlab chiqarish hajmini qisqartirmay, ish o‘rinlarini saqlab qolish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarini hisobga olib, aybdorlar aniqlanishi, yetkazilgan zarar undirilishi hamda bu kabi holatlar kelgusida takrorlanmasligi uchun oldini olish choralari ko‘rilishidan umidvormiz", – deyiladi avtokompaniya xabarida. 

Qayd etilishicha, kompaniya tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilishini kafolatlaydi. Ushbu voqea mijozlarga avtomobillarni yetkazib berish muddatiga ta’sir qilmaydi.