Uzbekistan Airways mahalliy yo‘nalishlarda aviaqatnovlar sonini ko‘paytirmoqda

  • 10:46 / 10.05.2021
  • 258

Uzbekistan Airways mahalliy yo‘nalishlarda qatnovlar sonini ko‘paytirib, parvozlar geografiyasini kengaytirmoqda.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, eng ommabop yo‘nalishlar Toshkentdan Urganchga va Toshkentdan Nukusga amalga oshirilayotgan parvozlar hisoblanadi. Bugungi kunda Toshkent – Urganch hamda Toshkent – Nukus yo‘nalishlarida aviachipta narxi 417 000 so‘mdan boshlanadi. Yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar har kuni bajariladi. 
Istiqbolda Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishida qatnovlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilangan.

Aviakompaniya bugungi kunda Toshkentdan Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlariga ham muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilning 14-may sanasidan boshlab esa Toshkentdan Navoiyga qatnovlar tiklanadi.
 
Ushbu yo‘nalishlardagi aviachiptalar narxi:
–  Toshkent – Termiz – 341 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
–  Toshkent – Buxoro – 215 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning chorshanba, shanba va yakshanba kunlari bajariladi.
–  Toshkent – Navoiy – 215 000 so‘mdan. Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
–  Toshkent – Samarqand – 114 000 so‘mdan, aviaqatnovlar haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
 
Shuningdek, Farg‘ona viloyatiga Toshkent – Farg‘ona, Toshkent – Namangan yo‘nalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda. Ba’zi sabablarga ko‘ra bundan bir necha yil oldin to‘xtatib qo‘yilgan Toshkent – Andijon yo‘nalishidagi havo qatnovi joriy yilning 6-aprel sanasidan qayta tiklandi.

Farg‘ona vodiysi shaharlariga aviachipta narxi har bir shahar uchun bir xil – Toshkentdan Farg‘ona, Namangan va Andijonga aviachipta narxi – 127 000 so‘mdan.

Bundan tashqari, Termiz – Farg‘ona yo‘nalishida yangi qatnov yo‘lga qo‘yildi. Termizdan Farg‘onaga qatnov dushanba kunlari, Farg‘onadan Termizga esa payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Samarqanddan aviaqatnovlar quyidagi kunlarda amalga oshiriladi:
 
Samarqanddan Namanganga – chorshanba va shanba kunlari.
Samarqanddan Farg‘onaga – dushanba, seshanba, juma va yakshanba kunlari.
Samarqanddan Urganchga – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari.
 
Istiqbolda Rossiya Federatsiyasi shaharlari bilan muntazam aviaqatnovlar tiklangandan so‘ng Moskva va Sankt-Peterburgga ham qulay qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.