Voyaga yetmagan bola IIB xodimlari tomonidan so‘roq qilindi. Voqea Samarqanddagi masjidlarning birida sodir bo‘lgan

  • 10:53 / 27.05.2021
  • 203

Kecha, 26-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Paxtachi tumanida IIB xodimlari voyaga yetmagan bolani so‘roq qilishdi” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.

Samarqand viloyati IIB bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur holat 2021-yil 25-may kuni Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan bo‘lib, shu kuni soat 20:30 lar atrofida Paxtachi tumani IIB xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan, Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasida joylashgan “Xo‘ja-Ziyovuddin” jome’ masjidida reyd o‘tkazilgan.
Tadbir davomida maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan X.A. ismli shaxs 11 nafar (5 nafari voyaga yetmagan) shaxslarga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz, diniy ta’limotdan saboq berayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan X.A. ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta’limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan.

“Ichki ishlar organlari hech kimni diniy bilim olishini cheklamaydi. Yurtimizda diniy bilim olish uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Faqatgina qonunchilikka asosan, belgilangan me’yorlarga amal qilish so‘raladi”, – deyiladi viloyat IIB Axborot xizmatining rasmiy munosabatida.