Bugun, 30-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari prezidentlari bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbatda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qildilar. Qirg‘iziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon telefon orqali muloqotda Tojikistonga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishini ham ko‘rib chiqdilar. Mamlakatlar bosh vazirlari o‘tgan hafta Xo‘jand shahrida o‘tkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!