Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo tumani hokimligi mas’ullari va davlat tashkilotlari rahbarlarining yarim-yalang‘och raqqosa qizlar davrasida ko‘ngilxushlik qilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi va mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, videolavhada aks etgan jarayon 2020-yil oktyabr oyining o‘rtalarida taxminan kech soat 21:00 da (ishdan tashqari vaqtda) Sirdaryo tumanidagi “Yevro Aziya” restoranida yuzaga kelgan.
Ishdan tashqari vaqtda boshqa fuqarolar singari restoranga ovqatlanish uchun borgan mas’ullar - tuman hokimi o‘rinbosari (o‘sha vaqtda tuman hokimi yordamchisi) tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, “Suvoqova” davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari bo‘lgan.
Mazkur shaxslar o‘tirgan xonaga restoranda xizmat ko‘rsatayotgan “Shov ballet” raqqosa qizlari kirib kelgan. Raqqosalarning kutilmaganda kirib kelishi ularga ma’qul kelmagan. Shu sababli raqqosalarga pul berilgan va xonani tark etishi so‘ralgan. Natijada videodagi holat yuzaga kelgan.
“Holat yuzasidan restoran ma’muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Mas’ul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko‘rsatishlari lozimligi eslatib o‘tildi. Shuningdek, lavozimdan ozod etish kabi qat’iy chora qo‘llanilishi belgilandi”, – deyiladi viloyat hokimligi munosabatida.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!