Joriy yilning 12-noyabr kuni Prezident “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 11 ta qonuni hamda 7 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil vazifalari hamda vakolatlari doirasi kengaytirilishi, uning devoni faoliyati isloh qilinishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshirilishini muvofiqlashtirishda Savdo-sanoat palatasining ishtiroki belgilanishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish kiritilgan.
“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligning bu sohadagi vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shu tufayli O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va uning bo‘linmalari Urug‘chilikni rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi.
Davlat veterinariya qo‘mitasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “Naslchilik to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Ekologik monitoring to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ham tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan boyitilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!