Xalqaro matematika va biologiya olimpiadalarida o‘zbekistonliklar 5 ta medalni qo‘lga kiritishdi

  • 10:31 / 24.07.2021
  • 204

Shu kunlarda o‘zbekistonlik o‘quvchilar nufuzli olimpiadalar sirasiga kiruvchi Xalqaro biologiya, fizika hamda kimyo olimpiadalarida O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.

Kecha, 23-iyul kuni nufuzli olimpiadalar sirasiga kiruvchi 62-Xalqaro Matematika olimpiadasi (IMO) natijalari e’lon qilindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro viloyati 5-IDUM o‘quvchisi Diyorbek Tolipov kumush, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Olimjon Olimov esa bronza medalni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomni qo‘lga kiritdi.

Bu yilgi olimpiada 14–24-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan tashkillashtirildi. Unda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

Shuningdek, 32-xalqaro biologiya olimpiadasida ham o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Ular:
Humoyun Norbekov – JDPI akademik liseyi 2-bosqich o‘quvchisi- oltin medal;
Aziza Abduvaliyeva – TPTI akademik liseyi 1-bosqich o‘quvchisi-oltin medal;
Yorqinbek Turdiboyev – Navoiy viloyati 11-IDUM o‘quvchisi-kumush medal.

Olimpiada 18–23-iyul kunlari Portugaliya davlati tomonidan tashkil etilib, unda dunyoning 76 davlatidan 304 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar quyidagicha bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln. so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln. so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln. so‘m).