Xalqning puli nazoratini kuchaytirsak, natija boshqacha bo‘ladi – Prezident

  • 09:19 / 29.05.2021
  • 159

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-may kuni ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ko‘p shirkatlarning o‘zi moliyaviy og‘ir ahvoldaligi, yaxshi xizmat ko‘rsatib, odamlar ishonchini qozonolmayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, imtiyozlar berilganiga qaramay, kreditlar vaqtida so‘ndirilmayapti.

Shu bilan birga, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatish, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari juda ko‘p. Jumladan, oxirgi 2 yilda sohaning 100 ga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Viloyat markazlari, shuningdek, Nukus, Chirchiq va Angren shaharlarida ayrim mavzelarni, tajriba tariqasida, malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga berish zarurligi ta’kidlandi.

Ushbu kompaniyalar faoliyatini reyting asosida baholash joriy qilinadi. Xizmat ko‘rsatishi yaxshi bo‘lganlariga ob’yekt soni ko‘paytirib beriladi. Barcha boshqaruv-servis kompaniyalarida 24 soat ishlaydigan buyurtma berish markazlari tashkil etiladi.

Yana bir muhim masala – ko‘p hollarda, shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqardi. Endi, uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va me’yorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi. Bunda, hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha rejalarini taqdimot qiladi.

Ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy to‘lovlar uchun subsidiya ajratiladi.
Axborot texnologiyalari va kommuni-kasiyalarini rivojlantirish vazirligiga shu yil 1-oktyabrdan boshlab majburiy to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirish bo‘yicha yagona elektron platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilib, ular uchun boshqaruv kompaniyalari tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.

– Insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi. Mening eng katta tashvishim - loyiha sifatli emas. Agar qurilishda korrupsiya omillarini yo‘q qilib, iqtisod nuqtai nazaridan xalqning puli nazoratini kuchaytirsak, natija boshqacha bo‘ladi, – dedi davlat rahbari.