XDP deputatlari tezlik uchun jarimalarni pasaytirishni taklif qilmoqda

  • 13:36 / 23.09.2021
  • 156

Kecha, 22-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasidagi ayrim normalar deputatlarning qizg‘in munozarasiga sabab bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zXDP fraksiyasining bir guruh deputatlaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan avtotransport vositalarini boshqarishda yo‘llarda belgilangan tezlikka rioya etilishini radarlar shuningdek, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda nazorat qilinishi o‘rganilgan.

O‘rganish davomida fuqarolar tomonidan bugungi kunda qo‘llanilayotgan jarimalar yuqori ekanligi bo‘yicha haqli e’tirozlar ham eshitilgan.

Shundan kelib chiqib, XDP deputatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-3-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasidagi jarima miqdorini bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari (hozirda 5 baravar) qilib belgilash bo‘yicha taklif bildirdi.

Shuningdek, jarimalar aholining real daromadlaridan kelib chiqib belgilanishi bo‘yicha yana qator takliflar ham kiritildi.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan ba’zi huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jazo choralarining miqdori kodeksning insonparvarlik va odillik prinsiplariga muvofiq emas”, – deydi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov.