XDPdan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova Saylovoldi dasturini e’lon qildi

  • 11:46 / 06.09.2021
  • 262

Bugun, 6-sentyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova ishtirokida partiyaning XII qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda. Qurultoyda Maqsuda Vorisova o‘z Saylovoldi dasturini e’lon qildi.

Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha maqsad va vazifalar ilgari surilgan.
– Ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etish Xalq demokratik partiyasining bosh maqsadi hisoblanadi. Prezident saylovi kampaniyasida “Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi”, degan bosh shior ostida g‘alaba uchun kurashamiz, – deb ta’kidladi Maqsuda Vorisova.

Ta’kidlanishicha, dastur loyihasining asosiy maqsadi mamlakatda ijtimoiy tenglik hamda xalq demokratiyasi mezonlariga mos bo‘lgan davlat va jamiyat barpo etishga qaratilgan. 
Xususan:

– aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish;
– har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash;
– olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun "Qishloq shifokori" va "Qishloq o‘qituvchisi" dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash;
– aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli, shu jumladan profilaktika tibbiy xizmatlarni o‘z ichiga olgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
– yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash;
– pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimni shakllantirish;
– kam ta’minlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatimizning faol ishtirokchisiga aylantirish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid xalqaro me’yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
– umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash.