Xitoy hukumatining uyg‘urlarga nisbatan siyosati yoritilgan maqolalar "Pulitser"ga loyiq topildi

  • 17:24 / 12.06.2021
  • 306

11-iyun kuni Nyu-Yorkda 2021-yilgi Pulitser mukofotining g‘oliblari aniqlandi. Jami 23 nominatsiyasi bo‘yicha sovrinlar topshirildi. Bu haqda Pulitser mukofoti rasmiy saytida ma’lum qilindi.

New York Times gazetasi koronavirus pandemiyasini yoritgani uchun “Jamiyatga xizmat” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Minneapolisda joylashgan Star Tribune gazetasi Jorj Floydning o‘limi haqidagi xabarlari uchun “Jurnalistika yangiliklari” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, nashr mualliflaridan biri Uesli Morris irqiy tengsizlik haqidagi maqolalari uchun “Tanqid” nominatsiyasida mukofatga ega chiqdi.

Boston Globe gazetasidan Met Roshelo, Vernal Koulman, Laura Krimaldi, Evan Allen va Brendan Makkarti “Jurnalist surishtiruvi” yo‘nalishida mukofot oldilar.

Florida shtatida joylashgan The Tampa Bay Times gazetasi 2020-yilda Pasko okrugida politsiyaning o‘z vazifasini suiiste’mol qilganligi to‘g‘risida xabar bergani uchun “Mahalliy yangiliklarni yoritish” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

BuzzFeed News nashri Xitoy hukumatining uyg‘urlarga nisbatan siyosatiga bag‘ishlangan qator maqolalari uchun “Xalqaro sharh” mukofotini oldi.

Reuters va The Atlantic AQSh federal sudi hukmlari va koronavirusga oid tadqiqotlari uchun “Izohli reportaj” mukofotiga loyiq ko‘rildi.

“Eng yaxshi badiiy kitob” nominatsiyasini Luiza Erdrixning “Tungi qorovul” romani qo‘lga kiritdi . Roman 50-yillarda o‘z yerlaridan haydab chiqarilgan amerikalik hindularning kurashiga bag‘ishlangan.

“Eng yaxshi hujjatli kitob” nominatsiyasida Devid Sukkinoning “Uilmintonning yolg‘onlari” asari g‘olib bo‘ldi. Asar 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida AQShda oq tanlilar harakati tarixiga bag‘ishlab yozilgan.

Ma’lumot uchun, nufuzli Pulitser mukofotiga Vengriyada tug‘ilgan amerikalik jurnalist va noshir Jozef Pulitser (1847-1911) asos solgan.

U 1904-yilda vasiyat qildi, unga ko‘ra Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetiga ikki million dollar xayriya qiladi. Ushbu mablag‘ning katta qismi jurnalistlar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasasini yaratishga va uning to‘rtdan bir qismi adabiyot, jurnalistika va ta’lim sohasidagi mukofotlar va stipendiyalarga sarflangan.

Pulitser vafotidan ko‘p o‘tmay, Kolumbiya universitetida jurnalistika maktabi tashkil etilgan. Birinchi mukofotlash marosimi 1917-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan edi.