Xorijdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari qanday moddiy va ijtimoiy yordam olishlari mumkin?

  • 13:47 / 16.06.2021
  • 196

Ayni shu borada maxsus jamg‘arma tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolarga turli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentliligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdulaziz Hafizov ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, xorijda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha jamg‘arma Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan. Ushbu jamg‘arma xorijda moliyaviy murakkab ahvolda qolgan fuqarolarga bir qator xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Jumladan:

– vaqtinchalik Hostel’larga joylashtirish;
– bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
– fuqaro murakkab vaziyatda qolgan bo‘lsa, uni vatanga qaytarish, ya’ni avia–temiryo‘l chipatalari xarajatlarini qoplab berish.

Shuningdek, ularning huquqi buzilgan taqdirda, advokatlik firmalari orqali hamkorlik tuzib, huquqlarini himoya qilish masalari ham jamg‘arma faoliyatiga bevosita aloqador.

Bundan tashqari, baxtsiz hodisa yuz bergan bo‘lsa, tibbiy xizmat haqlarini to‘lab berish, fuqaro xorijda vafot etgan taqdirda marhumning jasadini vatanga qaytarish masalalari bo‘yicha ham xizmatlar ko‘rsatiladi. 

Ta’kidlanishicha, fuqarolar yuqoridagi kabi o‘zlarini qiynayotgan ba‘zi masalalarda tashqi mehnat migratsiyasi agentligining har bir viloyatda mavjud bo‘lgan filiallari, Rossiya federatsiyasi (6ta) va Janubiy Koreya (1ta) hududidagi vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, bugungi kungacha 4 100 nafardan ortiq fuqarolar vatanga qaytarilgan bo‘lsa, 300ga yaqin fuqarolarning vaqtincha yashash muassasalaridagi hostel xarajatlari qoplab berilgan. 3 100 nafardan ortiq migrantlarga pandemiya davrida 1 martalik moddiy yordam pullari ajratilib, 20 nafarga yaqin fuqarolarning baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan paytda tibbiy harajatlari qoplab berilgan.