Xorijiy OTMlar diplomi qanday holatlarda O‘zbekistonda tan olinmaydi?

  • 17:33 / 09.09.2021
  • 305

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat  inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan abituriyent yoshlar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan bir qancha dolzarb savollarga javob berdi.

Ta’kidlanishicha, ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 29 taga yetdi. Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining rasmiy veb-sahifalari o‘rganilganda, hozirda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Ma’mun nomidagi Jahon tillari instituti, TMC instituti hamda TEAM universiteti, Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti, Toshkent xalqaro ta’lim universiteti kabi oliy ta’lim tashkilotlarida qabul jarayonlari davom etayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu muassasalarga oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Ta’lim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziyalar rasmiylashtirilgan. Ular tomonidan berilgan diplom mamlakatimizdagi boshqa oliygohlarniki bilan bir qatorda tan olinadi.

“Avvalo, tashkilotning oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya’ni lisenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qilish kerak. Keyingi eng muhim talab – ta’lim muassasasi tomonidan beriladigan  diplom o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi zarur.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy ta’lim muassasasining o‘qitish shakli va ta’lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi zarur. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi ta’lim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat etib belgilangan.

Agar xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga O‘zbekistondagiga qaraganda ta’lim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun kam huquqlar berilgan va oliy ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari qo‘shib o‘qitiladigan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim olganda umumiy o‘qish davri uch yildan kam bo‘lsa, bunday hollarda xorijiy oliy ta’lim muassasasi diplomi mamlakatimizda tan olinmaydi”, – dedi inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov.

Teglar