XTV blogerlarni mujmallikda aybladi  

  • 10:10 / 14.11.2019
  • 860

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi kamida ikkita maktabda ma’muriyat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishga stollarni bezatish, gilam solish uchun o‘qituvchilar maoshidan 50 ming so‘mdan olib qolinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Xalq ta’limi vazirligi buni inkor etgan holda xabar tarqatgan blogerlarni asoslanmagan, mujmal dalillarni keltirganlikda aybladi. 

Xalq ta’limi vazirligi ushbu holat bo‘yicha izoh berdi:
“Ushbu fikrlarni rad etgan holda Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi saylov uchastkalari o‘quv jarayoniga xalal bermay tashkil etilayotganligi, xonalar jihozlanishida hech qanday mablag‘ sarflanmaganligi va maktab ma’muriyati tomonidan pul mablag‘i yig‘ilmaganligini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik bergan izohda. 

Blogerlar mujmal dalillarni keltirgan
Shuningdek, vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar o‘z fikrlarini aniq ma’lumotlar asosida izohlamaganini iddao qilmoqda. 

“Ayrim blogerlar Yangiyo‘l shahri haqida fikr bildiryaptimi yoki Yangiyo‘l tumani haqidami, aniqlab bo‘lmaydi. Maqolaning boshida Yangiyo‘l shahri maktablari haqida ma’lumot berib, maqola o‘rtasiga kelganda “tuman hokimligi maktablar direktorlariga noyabr boshida saylov uchun pul o‘tkazib berish to‘g‘risida “og‘zaki topshiriq” bergan”, degan mujmal dalillarni keltirmoqda. Shulardan ko‘rinib turibdiki, ma’lumot noto‘g‘ri”, deyiladi xabarda.