Yangi qurilayotgan uylarning oshayotgan narxi yuzasidan tushuntirish berildi

  • 15:42 / 28.02.2020
  • 751

Avvalroq “O‘zshahar qurilish invest” 2019-yilda qurib foydalanishga topshirilgan uylar narxiga 15 foiz QQS qo‘shilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edik.

Mazkur masalaga “O‘zshahar qurilish invest” IK Uy-joylarni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Laziz Umarov quyidagicha oydinlik kiritib o‘tadi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi farmoniga asosan “O‘zshahar qurilish invest” IK 2017–2019-yillar dasturlarida qurilgan uy-joylar bo‘yicha 2020-yil 1-iyulga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi belgilangan. Uy-joylar va xonadonlar toki fuqarolar nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgunga qadar “O‘zshahar qurilish invest” IKning mulki hisoblanadi. Yuqoridagi farmon talablaridan kelib chiqib, xonadonlarga biriktirilgan fuqarolar xonadonlarni yuqorida aytilgan sanaga qadar o‘zlarining nomiga rasmiylashtirib olish kerak

“O‘zshahar qurilish invest” IK vakili Laziz Umarovga ko‘ra, aytilgan sanaga qadar uy rasmiylashtirilmasa, bugungi kun holatida – 2017-yilda qurilgan 7 919 ta xonadonlardan 20 tasi, 2018-yilda qurilgan 16 352 ta xonadonlardan 918 tasi, 2019-yilda qurilgan 17 587 ta xonadonlardan 8 468 tasi fuqarolar nomiga rasmiylashtirilmagan va bu joriy yil 1-iyuldan so‘ng fuqaroga qo‘shimcha xarajatni yuzaga keltiradi.
 
“O‘z nomiga rasmiylashtirilmagan xonadonlar “O‘zshahar qurilish invest” mulki hisoblangandan keyin,  xonadon sohiblari uchun bugungi kunda kreditning oylik foiz to‘lovlarini bizning tashkilot to‘lab kelmoqda. Yanada aniqroq aytganda, deylik, fuqaro unga hokimiyat tomonidan biriktirilgan xonadonni o‘z vaktida nomiga rasmiylashtirib olmadi. Oradan bir yoki ikki yil o‘tib xonadon sohibi uyni o‘z nomiga rasmiylashtirganda tashkilot to‘lab kelgan kredit to‘lovi ham avtomatik tarzda fuqaroning oyma-oy to‘lashi lozim bo‘lgan foiz miqdoriga qo‘shib hisoblanadi. Bunday hisob-kitob esa o‘z-o‘zidan fuqaroga qo‘shimcha xarajatni yuzaga keltiradi. Agar fuqarolar 1 iyunga qadar uy-joyni o‘z nomlariga rasmiylashtirishmasa, mazkur foiz to‘loviga QQS ham qo‘shiladi. Anglaganingizdek, bir biriga uzviy bog‘liq.  Shuning uchun rasmiylatishtirish jarayonida narxlar borasida tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun fuqarolarni ogohlantirib qo‘ydik”, deydi Laziz Umarov.
 
Shuningdek, mutaxassisning qayd etishicha 15 foiz QQS miqdori respublikadagi barcha yangi qurilgan uylarga ta’sir qiladi. Toshkent shahrida esa ayni paytdagi narxlar va QQS bilan hisoblangan miqdorlar esa quyidagicha:
 
• 1 metr kvadrat o‘rtacha 3 980 000 so‘mlik uy-joylarda QQS bilan 4 577 000 so‘mni (QQS 597 000 so‘m);  
• 1 metr kvadrat o‘rtacha 4 100 000 so‘mlik uy-joylarda QQS bilan 4 715 000 so‘mni (QQS 615 000 so‘m);  
• 1 metr kvadrat o‘rtacha 4 330 000 so‘mlik uy-joylarda QQS bilan 4 979 500 so‘mni (QQS 649 500 so‘m);  
• 1 metr kvadrat o‘rtacha 4 160 000 so‘mlik uy-joylarda QQS bilan 4 784 000 so‘mni (QQS 624 000 so‘m) tashkil qiladi.  

 Ma’lumot o‘rnida, Prezident farmoni bilan “O‘zshahar qurilish invest” IKga 2020-yil  1-iyulgacha berilgan imtiyozlar 2017–2019-yil dasturlari bo‘yicha qurilgan uy-joylarga nisbatan keltirilgan. 2020-yil dasturi doirasida qurilayotgan uy-joylar uchun yuqoridagi imtiyozlar tatbiq etilmaydi.