Yangiyo‘ldagi sudda tomirlarini kesishga uringan uch nafar yigit voqeasi yuzasidan ma’lumot berildi 

  • 16:10 / 26.05.2021
  • 241

Ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida joriy yil 25-may kuni bir guruh sudlanuvchilarning qo‘llarini o‘tkir tig‘li jism bilan kesib, sud hukmiga nisbatan o‘z noroziliklarini bildirgani aks etgan videolavha tarqaldi.

IIV mazkur sud ishidagi sudlanuvchilarning noqonuniy xatti-harakatlari  yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu hodisa joriy yilning 25-may kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan va ayni vaqtda 1-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan 5 nafar mahbuslar ishtirokida amalga oshirilgan.

Ular:

–  M.Yunusaliyev (1984-yilda tug‘ilgan, 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019-yil 27-apreldan qamoqda);

–  Gʻ.Murodjonov (1987-yilda tug‘ilgan, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019-yil 27-apreldan qamoqda);

–  A.Qudratov (1980-yilda tug‘ilgan, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019-yil 7-oktyabrdan qamoqda);

–  E.Sharipov (1987-yilda tug‘ilgan, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019-yil 7-oktyabrdan qamoqda);

–  S.Yulchiyev (1989-yilda tug‘ilgan, 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019-yil 7-oktyabrdan qamoqda).

Mazkur shaxslar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 2021-yil 25-may kunidagi so‘rovnomasiga asosan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha JIB Yangiyo‘l shahar sudiga yuborilgan.

Sud jarayoni davomida soat 15:30 larda, M.Yunusaliyev, Gʻ.Murodjonov va A.Qudratovlar sud tomonidan qo‘yilgan ayblovlardan noroziliklarini bildirib, qo‘llaridagi lezviya bo‘laklari bilan o‘zlariga o‘zlari tan jarohat yetkazgan, turli noo‘rin talablarni qo‘yib, IIO xodimlarini qonuniy talablarni bajarmagan. 

Mahbuslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular shu kuni soat 20:00 larda 1-son Tergov hibsxonasiga olib borib topshirilgan.