Yanvar-iyun oylarida sodir bo‘lgan YTHlarda 100 nafardan ortiq bola halok bo‘lgani aytildi

  • 16:29 / 30.07.2021
  • 159

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Senat yalpi majlisida avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan nazorat xususida ham to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kilanishicha, mazkur masalada yetarli darajada ta’sirchan nazorat olib borilmayotgani sababli Respublika bo‘yicha 2021-yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020-yilga nisbatan 40,8 foizga ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etilgan. Natijada 3754 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, ushbu YTXHlarda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan.

Ushbu ko‘rsatkich 2020-yilning olti oyiga nisbatan yo‘l-transport xodisalar soni 57,2 foizga, ulardan halok bo‘lganlar 30,5 foizga, jarohatlanganlar esa 38,1 foizga ortib ketgan.   

Bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari esa 2020-yilning olti oyiga nisbatan 40,8 foiz, jarohatlanganlar 44,9 foiz, halok bo‘lganlar esa 33,3 foizga ortib ketgan.