Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Yozgi Olimpiada musobaqalari start oldi

  • 12:21 / 21.07.2021
  • 134

Yana 2 kundan so‘ng Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XXXII Yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Ma’lumki, ushbu musobaqalar kabisa yillari, ya’ni har 4 yilda bo‘lib o‘tadi. Shu jihatdan qaraganda, reja bo‘yicha Tokio olimpiadasi o‘tgan yili bo‘lib o‘tishi lozim edi. Biroq butun dunyoga tarqalgan pandemiya sabab, o‘yinlar 1 yilga surildi va uzoq tortishuvlardan so‘ng, muxlislarsiz bo‘lsa-da, o‘tkazishga ruxsat berildi. Navbatdagi Yozgi olimpiya o‘yinlari boshlanishidan oldin, biz sportchilarimiz ishtirok etgan avvalgi o‘yinlarga qisqacha to‘xtalamiz.

O‘zbekistonlik sportchilar ilk marta 1996-yil AQShning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan XXVI Yozgi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etganlar. 71 nafar sportchimiz 12 sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgan. Bu o‘yinlar yurtdoshlarimiz uchun debyut bo‘lsa-da, unda dastlabki 2 medal qo‘lga kiritilgan. Dzyudochimiz Armen Bagdasarov kumush, bokschimiz Kozim To‘laganov esa bronza medaliga sazovor bo‘lishgan. 

2000-yil

2000-yilgi Sidney olimpiadasi esa O‘zbekiston uchun dastlabki oltin medal bilan tarixda qolgan. Bu safar 70 nafar sportchi 12 xil sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgan. 

Sovrindorlar:
Oltin – Muhammadqodir Abdullayev (boks)
Kumush – Artur Taymazov (erkin kurash)
Bronza – Sergey Mixaylov (boks)
Bronza – Rustam Saidov (boks)

2004-yil

2004-yilgi Afina olimpiadasida 70 nafar sportchi 13 xil sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgan.

Sovrindorlar: 
Oltin – Artur Taymazov (erkin kurash)
Oltin – Aleksandr Dokturishvili (yunon-rum kurashi)
Kumush – Magomed Ibragimov (erkin kurash)
Bronza – Bahodirjon Sultonov (boks)
Bronza – O‘tkirbek Haydarov (boks)

2008-yil

2008-yilgi Pekin olimpiadasida 56 nafar sportchi 13 xil sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgan.

Sovrindorlar:
Oltin – Artur Taymazov (erkin kurash)
Kumush – Soslan Tigiyev (erkin kurash)
Kumush – Abdullo Tangriyev (dzyudo)
Bronza – Anton Fokin (gimnastika)
Bronza – Rishod Sobirov (dzyudo)
Bronza – Yekaterina Xilko (gimnastika)

2012-yil

2012-yil Angliyaning London shahrida bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz soni eng kam bo‘lgan – 54 nafar. Ular 13 xil sport turida yurtimiz sharafini himoya qilgan. 

Sovrindorlar:
Oltin – Artur Taymazov (erkin kurash)
Bronza – Rishod Sobirov (dzyudo)
Bronza – Abbos Atoyev (boks)

2016-yil

Va nihoyat, 2016-yilgi Rio olimpiadasi O‘zbekiston sportchilari darajasini butun dunyoga namoyon qildi. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini 16 ta sport  turida 70 nafar sportchi himoya qilgan. 

Sovrindorlar:
Oltin – Hasanboy Do‘smatov (boks)
Oltin – Ruslan Nuritdinov (og‘ir atletika)
Oltin – Shahobiddin Zoirov (boks)
Oltin – Fazliddin Gʻoibnazarov (boks)
Kumush – Shahram Gʻiyosov (boks)
Kumush – Bektemir Meliqo‘ziyev (boks)
Bronza – Diyorbek O‘rozboyev (dzyudo)
Bronza – Rishod Sobirov (dzyudo)
Bronza – Rustam To‘laganov (bronza)
Bronza – Elmurat Tasmuradov (yunon-rum kurashi)
Bronza – Murodjon Ahmadaliyev (boks)
Bronza – Ixtiyor Navro‘zov (erkin kurash)
Bronza – Magomed Ibragimov (erin kurash)
Sportchilarimiz umumjamoa hisobida 207 mamlakat ichida 21-o‘rinni egallaganlar.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari 23-iyul – 8-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Unga delegasiyamiz 17 sport turida 71 ta lisenziya qo‘lga kiritgan. 
Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi “Olimpiya” stadionida boshlanadi.

Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining boshlanishi arafasida Olimpiadaning rasmiy shiori o‘zgardi. Olimpiya o‘yinlarida "Tezroq, Balandroq, Kuchliroq" shiori amal qilishidan xabaringiz bor. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan sessiyada o‘yinlar shioriga kichik o‘zgarish kiritilgani ma’lum qilindi. Endilikda

Olimpiya o‘yinlari shiori "Tezroq, Balandroq, Kuchliroq – Birgalikda" deb nomlanadi. 

Eski shior 1894-yilda tasdiqlangan edi. 

Yangi shiorning mazmuni shundan iboratki, agar sen tezroq borishni istasang, buni yakka holda amalga oshirishing mumkin. Ammo uzoqroqqa borishni istasang, buni birgalikda amalga oshirish lozim.

Garchi rasmiy ochilish marosimiga 2 kun vaqt qolgan bo‘lsa ham, Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ilk bellashuvlariga start berildi. Bugundan bir qator yo‘nalishlarda saralash bellashuvlari boshlandi.

Mazkur Olimpiya o‘yinlarining dastlabki bellashuvi Olimpiya oilasida debyut qilayotgan beysbol bo‘yicha o‘tkazildi. Unda Avstraliya va Yaponiya ayollar jamoasi bahs olib bordi. Mezbonlarning katta ustunligida o‘tgan bellashuv 8:1 hisobida kunchiqar yurt vakillarining foydasiga hal bo‘ldi.

Shuningdek, kun davomida beysboldan tashqari ayollar futboli bo‘yicha bir qator uchrashuvlar o‘rin olgan.