Yaroqsiz go‘shtni sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi  

  • 14:29 / 06.06.2021
  • 159

Toshkent shahriga sotish uchun olib kelinayotgan yaroqsiz go‘sht mahsulotlari Navoiy viloyatida ushlab olindi. Bu haqda IIB xabar bermoqda. 

Joriy yilning 4-iyundan 5-iyun kuniga o‘tar kechasi soat 00:25 larda "Buxoro-Toshkent" yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Buxoro viloyatida yashovchi 1998-yilda tug'ilgan O.A. boshqaruvidagi "ISUZU" rusumli avtomobil Karmana tumanida joylashgan "Samarqand" YPX mas'ullar tomonidan to‘xtatib tekshirilgan.
 
Ma'lum bo‘lishicha, avtomobil yukxonasida 160 kg. noma'lum bo‘lgan yirik shohli qoramol go‘shti, 200 dona yirik shohli qoramolning kallasi hamda 12 ta qopda 1 500 kg. tovuq go‘shti – jami 3 tonnaga yaqin mahsulot olib ketilayotgani aniqlangan. 

Fuqaro go‘sht mahsulotlarini Vazirlar Mahkamasining 386-son qarori (veterinariya-sanitariya qoidalari talablariga zid ravishda) talablarini buzgan holda Toshkent shahriga sotish maqsadida olib ketayotganligi ma'lum bo‘lgan. 

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 109-moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan.